Hamroh va Uzum Market qo‘shma loyihasi aynan shunday — orzu qilishdan, boshlashdan va o‘zgarishdan qo‘rqmaydigan ayollar haqida. Ushbu nashr O‘zbekiston tadbirkor ayollari, ularning tajribasi, g‘oyalari, ilhomi va imkoniyatlar birinchi qadamdan boshlanishiga bo‘lgan ishonch haqidagi materiallar turkumining davomi hisoblanadi.

Hammasi qanday boshlangan

To‘qimachilik sohasida ishlayotganimga yigirma yildan oshdi. To‘qsoninchi yillarning oxirida sexda tikuvchi bo‘lib ishlay boshladim, u yerda bizni “motoristkalar” deb atashardi. O‘sha paytdagi mashinalar juda katta va shovqinli edi, ammo men bu jarayonni yoqtirardim: mato, harakat va ishning o‘ziga xos ritmi menga zavq berardi. Men bu borada muvaffaqiyatga erishishni, eng yaxshi bo‘lishni istardim. Ehtimol, o‘shanda menda o‘z ishlab chiqarishimni ochish fikri tug‘ilgandir.

Bu sohadagi dastlabki mustaqil qadamlarni uyda qo‘yganman — onamning eski tikuv mashinasi bor edi. U mening orzuim ushalishi uchun birinchi qadam bo‘ldi. Zig‘ir sotib olardim, dasturxon bichardim, dastavval o‘zim va oilam uchun salfetkalar tikardim. Ammo odamlar mening asarlarimni yoqtirishini ko‘rgach, ularni sotishga harakat qilishga qaror qildim.

reklama, uzum market

Yangi tikuv mashinasi uchun bir so‘mdan pul yig‘ib, uch litrli bankaga solib qo‘yardim. Shunday qilib, karantin arafasida birinchi professional mashinamni sotib oldim. U bilan mening haqiqiy yo‘lim boshlandi: men bolalar kiyimlari — qalpoqchalar, ishtonchalar tikardim va ularni Telegram kanalida sotish uchun joylashtirardim. Qo‘rqinchli edi: na savdo tajribasi, na bilim, na qo‘llab-quvvatlash. Ammo men kimningdir to‘g‘ri tushuntirishini kutmaslikka qaror qildim — shunchaki boshladim.

Keyingi qadamim Parkentda o‘z seximni ochish va Umitext kompaniyasini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘ldi. Avvaliga ko‘pchilik yuridik shaxs ochishdan bosh tortdi, lekin men eksportga chiqmoqchi edim va buni uddaladim. Birinchi eksport buyurtmasi men uchun oxirigacha borilsa, orzular ro‘yobga chiqishiga ishonchli dalil bo‘ldi.

Yaqinda Sankt-Peterburgga kreativ industriyalar forumiga bordim. U yerda juda ko‘p tadbirkorlar, g‘oyalar, ilhomlar bor edi. Men kabi hunarga, sifatga, halol mehnatga ishonadigan o‘nlab insonlar bilan tanishdim. Bu menga ishonch bag‘ishladi: biz, o‘zbek ayollari ham ushbu ulkan global sanoatning bir qismi bo‘lishimiz mumkin.

Yengib o‘tish va yo‘l haqida

Yo‘limda hamma narsa bo‘lgan — ilhom ham, yonish ham, kuchim qolmagandek tuyulgan lahzalar ham. Lekin men qiyinchiliklarga boshqacha qarashni o‘rgandim. Yo‘l og‘ir bo‘lsa — demak, o‘syapsan.

Men taslim bo‘lmaganimdan faxrlanaman. Menda nimaiki bo‘lsa, hammasini o‘z qo‘lim bilan qurdim. Hozirda mening kichik, ammo barqaror ishlab chiqarish korxonam va 25 nafar ayol ishlaydigan jamoam bor. Ulardan tashqari, qisman band bo‘lgan xodimlarim bor — ular buyurtmalarni uyga olib ketishadi, mashinasi yo‘qlari esa qo‘lda kashta tikishadi.

Men uchun nafaqat kiyim tikish, balki boshqa ayollarga hamma narsa mumkinligiga ishonishga yordam berish ham muhim. Men ularga tez-tez takrorlayman: “Menga qaranglar — menda ham eski mashinadan boshqa hech narsa yo‘q edi. Lekin men ishonardim va oldinga intilardim”.

Men uchun bu shunchaki biznes emas — bu men butun muhabbatimni sarflagan biznes. Mening o‘z farzandlarim yo‘q, lekin men bolalar kiyimlarini tikaman, chunki har bir bola qulaylikda o‘sishini, uning buyumlari esa mehr va e’tibor bilan tayyorlanishini istayman. Biz faqat tabiiy paxtadan foydalanamiz — bu xavfsiz va ekologik toza.

reklama, uzum market

Odamlar buyum qanday tug‘ilishini ko‘rishi men uchun muhim. Zavodga kelib, jarayonni kuzatish, matolarni ushlab ko‘rish va mehnatga hurmatni his qilish uchun. Men “ochiq eshiklar kuni"ni o‘tkazishni orzu qilaman — toki maktab o‘quvchilari, talabalar va oilalar har bir narsa ortida qanchalik mehr va sabr-toqat borligini ko‘rishsin.

Mamlakat bo‘ylab onlayn bozor va xaridorlar

Hozirda yangi liniya- tabiiy matodan tikilgan eko-shippaklarni ishga tushirishga tayyorlayapman. Bu g‘oya shunchaki chiroyli emas, balki foydali buyumlar yaratish istagidan tug‘ilgan. Men Uzum Market’da hozirgi ishlab chiqarish liniyalaridagi mahsulotlar bilan do‘kon ochdim va u yerga shippaklarning dastlabki partiyalarini joylashtirmoqchiman.

Men uchun Uzum Market — bu shunchaki platforma emas, balki o‘z mahsulotlarimni munosib tarzda ko‘rsatish va butun mamlakat bo‘ylab o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlarini foydalanuvchilarga taqdim etish imkoniyatidir. O‘z qo‘limiz bilan yaratgan buyumlarimiz internet orqali o‘z xaridorlarini topib, O‘zbekistonning barcha burchaklariga tarqalayotganini ko‘rish alohida hissiyotdir.

Kelgusi rejalar

Keyingi maqsadim — to‘laqonli ishlab chiqarish majmuasini rivojlantirish. Men qulay mehnat sharoitlariga ega bo‘lgan, ayollar ham, yosh mutaxassislar ham ishlay oladigan zamonaviy fabrika tashkil etmoqchiman. Yaqin atrofda xodimlarning farzandlari uchun bolalar bog‘chasini ochishni rejalashtirmoqdaman — onalar ish va bolalarga g‘amxo‘rlik qilishni birgalikda olib borishlari uchun.

Alohida yo‘nalish — yordam olish ayniqsa muhim bo‘lgan ijtimoiy guruhlarni, masalan, yetim bolalarni ishga joylashtirish. Bir necha yil oldin og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan yosh yigitga yordam berdim. Unga vasiylik qildim va kollejga kirishiga, mutaxassislikka o‘qishiga, ishga joylashishiga yordam berdim. Hozir u o‘z hayoti bilan yashaydi, ishlaydi va men bir paytlar unga yordam bera olganimdan faxrlanaman.

Ishlab chiqarish nuqtayi nazaridan men assortimentni kengaytirish imkoniyatini ko‘rmoqdaman: bolalar, o‘smirlar va kattalar kiyimlari, uy-ro‘zg‘or buyumlari, xarid sumkalari, sochiqlar, tabiiy materiallardan tayyorlangan poyabzallar. Bularning barchasini halol mehnat, sifat va insonlarga hurmat asosida rivojlantirishni istayman.

Boshlovchilar uchun maslahat

Barcha ayollarga aytmoqchiman: boshlang. Qo‘rqinchli bo‘lsa ham, kech bo‘lgandek tuyulsa ham. Ishonsangiz va taslim bo‘lmasangiz, hamma narsa mumkin. Men noldan — eski mashinadan, pulsiz va qo‘llab-quvvatlovsiz boshladim. Ammo qadam-baqadam hammasi amalga oshdi, chunki men shunchaki to‘xtamagan edim. Har qanday katta ish — avvalo kichik bir g‘oya va birinchi qadamdan boshlanadi. Asosiysi — qo‘rqmaslik va o‘ziga ishonish.

Bilaman, O‘zbekiston xotin-qizlarining salohiyati juda katta. Biz ishlashni, g‘amxo‘rlik qilishni, yengishni bilamiz. Shuning uchun men chin dildan ishonaman: agar astoydil xohlasang, hamma narsaga erishish mumkin.

O‘z loyihasi haqida o‘ylayotgan va moliyalashtirish izlayotganlar uchun ajoyib imkoniyat mavjud: Hamroh Uzum Market bilan birgalikda tadbirkor ayollar uchun grant dasturini ishga tushirdi — 20 nafar g‘olib o‘z g‘oyalarini rivojlantirish uchun 50 mln so‘mdan oladi. Arizalarni 2025-yil 31-oktabrgacha hamrohingiz.uz saytida topshirish mumkin.

Reklama huquqlari asosida.