Gazlashtirilmagan hududlar aholisi uchun elektr to‘lovlari bo‘yicha chegirmalar tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 28-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov maʼlum qildi, deya xabar bermoqda Gazeta.
Vazir barchadan ushbu mavzu bo‘yicha o‘tgan yili muhokama qilingan gaplarni to‘g‘ri yetkazishni so‘ragan. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha vaqtda bunday tizim joriy etish “rejalashtirilyapti”, “ko‘zda tutilyapti” deb aytilgan.
Jo‘rabek Mirzamahmudov hozirda gazlashtirilmagan hududlardagi ko‘p qavatli uylar markazlashgan elektr tarmog‘iga ulangan bo‘lsa, elektrga 50% chegirma taqdim etilishini aytdi.
U hozirda qo‘shimcha ishlab chiqarish quvvatlari paydo bo‘layotganini va bu boshqa hududlar, jumladan, Farg‘ona vodiysini qo‘llab-quvvatlashning yangi shakllariga o‘tishni boshlash imkoniyatini ochib berishini taʼkidladi.
Mirzamahmudovning aytishicha, gazlashtirilmagan hududlar aholisi imtiyozli narxlarda suyultirilgan gaz va ko‘mir bilan taʼminlangan.
“Suyultirilgan gazni imtiyozli narxda [oladigan] 4 mlndan ortiq abonentlarimiz bor. Kilogrammi aholiga 2000 so‘m bo‘lsa, bozordagi narxi mavsumda 5000 dan 8000 gacha chiqadi”, — deydi u.
Shuningdek, davlat issiqlik nasoslari va boshqa energiya tejovchi tizimlarni o‘rnatishni ham subsidiyalaydi. “Agarda isitish tizimini elektrifikatsiyalashtirsa, xarajati kamayadi”, — deya qo‘shimcha qildi vazir.
Mirzamahmudov elektrdan foydalanishni rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha imtiyozlar tizimi bosqichma-bosqich amalga oshirilishini aytdi. Hozirda bir qancha tumanlarda pilot rejimida to‘lovlar o‘tkazilmoqda.
“Hududlarda tarmoqlarni yangilayapmiz, podstansiyalarni yangilayapmiz. Agarda to‘liq o‘sha hududda elektr taʼminotiga ham isitish, ham pishirish o‘tkaziladigan bo‘lsa, demak, u yerda biz bir tomondan yutamiz — ko‘mir bilan suyultirilgan gaz imtiyozli narxda berilmaydi, o‘zaro subsidiya miqdori sal kamayadi. Lekin tarmoqqa xarajatlarni hozir hisob-kitob qilyapmiz. Sababi pilot tarzida tanlangan hududlarda tarmoqqa yana ikki-uch barobar ko‘p xarajat ketyapti. Shuning uchun hozir buning tahlilini qilyapmiz”, — dedi u.
Vazirlik ushbu rejalar hukumatga taqdim etilganini, faqat hozir to‘liqroq audit qilish uchun biroz vaqt talab qilinayotganini aytildi.
“Men o‘ylaymanki, yil yakunigacha yakunlab, hukumatga taklifni kiritamiz. Aytganimdek, 1-yanvardan kiritiladi degan narsa sal noto‘g‘ri”, — dedi Mirzamahmudov.
O‘tgan yilning iyunida o‘tkazilgan Qonunchilik palatasi majlisida Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ijtimoiy norma doirasida mamlakatda gaz bilan ta’minlanmagan xonadonlarning uchdan bir qismini qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilishini ma’lum qilgandi.
Oktabr oyiga kelib esa Jo‘rabek Mirzamahmudov xonadonini elektr energiyasi yordamida isituvchi iste’molchilarga chegirma berishni nazarda tutuvchi qaror loyihasi ishlab chiqilayotganini ma’lum qilib, uni 2025-yilning 1-yanvaridan joriy etishga va’da bergandi.
Spot, avvalroq, joriy yilgi kuz-qish mavsumida elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari oshirilmasligi haqida yozgandi.
