O‘zbekistonda 2026-yildan boshlab “yashil” elektr energiyasi uchun yangi tariflar joriy etilishi mumkin. Bu haqdagi tegishli qaror loyihasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Qaror tadbirkorlarning chiqindi va biogazdan hamda o‘z hududidagi shamol va quyosh qurilmalaridan oladigan elektr energiyasi uchun “yashil tariflar"ni joriy etishni nazarda tutadi. Bundan tashqari, aholining davlatga sotayotgan ortiqcha “yashil” energiyasi uchun ham “yashil tariflar” belgilanadi.
Yuridik shaxslar uchun “Yashil tarif"lar quyidagi tartibda joriy etilib, narxlar II tarif guruhi uchun belgilangan miqdor asosida hisoblanadi:
- dan 5 MVtgacha chiqindini termik utilizatsiya qilish orqali ishlab chiqarilgan 1 kVt/soat elektr — 80%i;
- xuddi shunday tartib biogazni yoqish orqali ishlab chiqarilgan energiya uchun ham qo‘llaniladi — 80%;
- yuridik shaxslarning 5 MVtgacha shamol va quyosh manbalaridan o‘z ehtiyojidan ortiq ishlab chiqarilgan elektri uchun — 70% i.
Elektr energiyasi Energosavdo korxonasi tomonidan xarid qilinadi, korxona bilan shartnoma kamida 10 yilga muddatga tuziladi.
Uning shartlarida quyidagi kafolatlar nazarda tutiladi:
- har oy yakuni bilan yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan energiya hajmi keyingi oyning 15-sanasigacha hisob-kitob qilinishi;
- to‘lovlar hisobot oyidan keyingi oyning 25-sanasidan kechiktirmay berilishi.
Aholiga o‘z hududida quvvati 50 kVtgacha bo‘lgan quyosh va shamol stansiyalarida ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr uchun “Quyoshli xonadon” dasturi doirasida II tarif guruhi iste’molchilari uchun belgilangan tarif (1 kVt/soat uchun — 1000 so‘m) miqdorida budjetdan subsidiya ajratiladi. Amalda har bir kVt/soatiga yagona summa — 1 000 so‘mdan beriladi.
Loyiha bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin. Fikr-mulohazalar 8-noyabrgacha qabul qilinadi.
Yil boshida 1-apreldan aholi va tadbirkorlar uchun elektr energiyasiga “yashil” tariflar joriy etilishi ma’lum bo‘lgandi. Chiqindilar utilizatsiyasi hamda shamol va quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun imtiyozli tariflar qo‘llaniladi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda yashil energiya ishlab chiqarish 9 mlrd kVt/soatga yetgani haqida yozgandi.
