Joriy yilning to‘qqiz oyida O‘zbekistonda kuzatilmaydigan iqtisodiyot hajmi biroz oshdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi hisobotida keltirilgan.
Yanvar-sentabr oylari yakunlariga ko‘ra, mamlakatning yalpi ichki mahsuloti hajmi 1,3 kvadrillion so‘m ($108,73 mlrd) dan ortiqni, real o‘sish sur’ati esa 7,6% ni tashkil etdi. O‘sish sur’ati 2021-yildan beri eng yuqori darajada qolmoqda.
Kuzatilmaydigan iqtisodiyotning yalpi qo‘shilgan qiymati hajmi 433,68 trln so‘mni ($36,17 mlrd atrofida) tashkil etdi. Uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi birinchi yarim yillikdagi 32,9% dan 33,3% gacha oshdi.
Bunda,kuzatilmaydigan iqtisodiyot norasmiy va yashirin iqtisodiyotga bo‘linadi. Norasmiy iqtisodiyot — uy xo‘jaliklari va jismoniy shaxslar faoliyati hajmi 333,82 trln so‘mni yoki YIMning 25,6% ini tashkil etdi. Yashirin iqtisodiyot esa 99,86 trln so‘mga (7,7%) baholanmoqda. Dastlabki olti oyga nisbatan norasmiy sektor ulushi oshdi, yashirin sektor ulushi esa kamaydi.
Uy xo‘jaliklari va jismoniy shaxslar faoliyati hamda yashirin iqtisodiyot hajmining tarmoqlar bo‘yicha tarkibida qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi yetakchilik qildi — jami hajmning 69,4%i.
Undan keyingi o‘rinlarda xizmatlar sohasi (36,2%), qurilish (35%) va turibdi. Shuningdek, sanoat tarkibida kuzatilmaydigan iqtisodiyot hajmi 10,2% ni tashkil etdi.
Yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonda soliq tushumlari yashirin iqtisodiyot kamayishi hisobiga 27% ga oshdi. Keshbek va raqamli yechimlar orqali norasmiy sektorning 10−20% qismi qonuniy iqtisodiyotga qo‘shildi.
2024-yilda O‘zbekistonning kuzatilmaydigan iqtisodiyoti hajmi 505,65 trln so‘mni tashkil etdi. Shundan norasmiy iqtisodiyot hajmi 383,64 trln so‘mga, yashirin iqtisodiyot esa 122 trln so‘mga teng bo‘ldi.
Spot, avvalroq, Markaziy bank yil yakuni bilan inflyatsiya 8% gacha pasayishini kutayotgani haqida yozgandi.
