2010-yilda aka-uka — Behzod va Farhod G‘ulomovlar Oqtepa aylanma yo‘lida lavash pishirib beriladigan kichkina kafe ochishadi. 2025-yilda Oqtepa Lavash kompaniyasi 15 yoshga to‘ldi.
Bu vaqt davomida brend kichkina kafedan mamlakatning 13 ta shahrida 99 ta filialni qamrab olgan O‘zbekistondagi yirik tez ovqatlanish tarmoqlaridan birigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. Kompaniya umumiy ovqatlanishdagi eng ko‘p soliq to‘lovchilar 3 ligiga kiradi va o‘z go‘sht sexi borligi tufayli butun respublika bo‘ylab yetkazib berishni ta’minlab kelmoqda.
Oqtepa Lavash nafaqat asosiy tarmoqni kengaytirishga, balki subbrendlarni rivojlantirishga ham urg‘u bermoqda. Kengroq auditoriyani qamrab olish va yangi formatlarni sinab ko‘rish maqsadida 2024-yilda kompaniya ikkita yangi yo‘nalish — O!Kafe qahvaxonalar tarmog‘i va Milly milliy fastfudni ishga tushirdi.
Kompaniya ijrochi direktori lavozimida — Renat Fazulyanov. U restoran direktoridan to Rossiya va Qozog‘istondagi mintaqaviy boshqaruvchigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tib, 14 yildan ko‘proq Yum! Brands’da (KFC va Pizza Hut brendlari) ishlagan. Hozir u Oqtepa Lavash va u bilan bog‘liq yo‘nalishlarni rivojlantirish uchun mas’ul.
Spot’ga bergan intervyuda Renat tarmoq ichdan qanday tuzilgani, bir oyda yarim million lavash sotish, ayni paytda sifatni yo‘qotmaslik qiyin yoki qiyin emasligini so‘zlab berdi.
Joriy yilda Oqtepa Lavash 15 yoshga to‘ladi. Hozir u katta tarmoq bo‘lib ulgurgan, butun mamlakat bo‘ylab deyarli 100 ta filiali bor. Lekin hammasi bitta kichik kafedan boshlangan edi. Kompaniya tarixi shaxsan siz uchun qanday boshlangan?
Bu tarix men uchun juda kutilmagan holatda boshlangan. Mening avvalgi butun tajribam, bu — McDonald’s, KFC kabi yirik xalqaro kompaniyalar, brendlar ekanligini inobatga olsak, hammasi standartlar, miqyos, yirik tizimlar haqida edi. Bu yerda esa — mahalliy brend, buning ustiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri mulk egalari bilan ishlash.
Avvaliga bu meni bir oz qo‘rqitdi. Qiyin bo‘ladi, deb o‘yladim. Har holda, kishi biznesga o‘zi egalik qilganda, u juda kirishib ketadi va sen unga bevosita hisobotdor bo‘lasan. Uning o‘z fikri, g‘oyalari, yondashuvi bor va sen ana shular bilan ishlashing kerak.
Aksincha, bu — o‘ta qulay muhit bo‘lib chiqdi. Bu yerda tortishuv — har doim dalil degani. Mulk egalari juda tajribali, butun yo‘lni o‘zlari bosib o‘tishgan. 15 yil oldin ular kassada turishgan, go‘sht maydalashgan, lavash o‘rashgan. Bugun esa ana shu tarmoqni boshqarishyapti. Bu yer men uchun juda qulay. Mamlakat, jamoa, kompaniyaning o‘zi va uning yondashuvi menga yoqadi.
Foto: Javohir Esonboev / Spot
Lekin sizning umumiy ovqatlanishdagi shaxsiy yo‘lingiz 20 yil avval boshlangan-ku. KFC, Pizza Hut, Shokoladnisa’da ishlagansiz. Nega aynan umumiy ovqatlanish?
Mutlaqo tasodifan. Yigirma yildan ko‘proq vaqt avval menga juda tez pul kerak bo‘lib qolgandi. Bir muassasaga kirdim, miyamda o‘y bor edi: bir-ikki oy ofisiant bo‘lib turaman, pul ishlab olib, ketaveraman.
Mana yigirma yildan oshibdiki — hali ham shu biznesdaman. U o‘ziga tortaveradi. Ayniqsa, bir kun kelib, bu tizim qanday ishlashini, unda jarayonlarni qanday qurish, odamlarni boshqarish, servisni yo‘lga qo‘yishni tushunib oladigan bo‘lsang. Shu biznesda qoldim — va bunga hech qachon afsuslanmadim.
Lavashlar va shu turdagi taom, bu — O‘zbekiston uchun unchalik milliy bo‘lmagan yoki noan’anaviy ovqat. Shunga qaramay, umumiy ovqatlanish sohasida eng ko‘p soliq to‘lovchilar 3 ligiga KFC, Evos va Oqtepa Lavash kiradi. Bu turga talab shunchalik yuqori ekanligini o‘zingiz uchun qanday tushuntirasiz?
Nazarimda, bu siz bilan bizning hayotimiz jadallashayotgani bilan bog‘liq. Vaqtimizni qadrlay boshlayotganimiz bor gap. Biz “ha, buni uyda ham pishirsa bo‘lishi"ni tushunamiz. Lekin professional sohada, ishda bo‘lganimda, bir soatda shunchalik miqdorda pul ishlaymanki, yaxshisi borib pul topganim, taom masalasini esa, jumladan, ovqatlanishdagi eng muhim element sifatida fastfud orqali amalga oshirganim ma’qul.
Umumiy ovqatlanish bozori soliqlar borasida qanchalik “ochiq”? Qanchalik ko‘p ishtirokchilar oshkora ishlashadi? Ochiq bo‘lib qolish qanchalik qiyin?
50 tadan ortiq filiali bor har qanday kompaniya ochiq bo‘lishi turgan gap, deb o‘ylayman. Bunday katta biznes uchun qandaydir tushunarsiz sxemalarni qo‘llash shunchaki samarasiz bo‘lganligi uchun, u “ochiq"qa aylanadi. Bu — birinchidan.
Ikkinchidan, “ochiq” bo‘lmas ekan, birorta ham biznes rivojlana olmaydi. Agar biznesing shaffof bo‘lmasa, hech qachon franshizangni sota olmaysan. Jarayonlar qayeringdadir ko‘mib qo‘yilgan, qandaydir ko‘rpalar bilan yopib tashlangan bo‘lsa, bu jarayonlarni nazorat qila olmaysan.
Soliqlar nuqtai nazaridan biznes yuritish qanchalik oson? Hozircha — ancha oddiy va tushunarli. Toki davlatdan aniq talablar bor ekan. Bank kreditlari bilan ma’lum bir qiyinchiliklar bor — shunchaki stavka yuqori bo‘lganligi uchun. Lekin bu stavkalar ham qandaydir me’yordagi, aniq raqamlarga keladigan, unchalik uzoq bo‘lmagan vaqt masalasi.
Bozor shunchalik to‘la bo‘lganda va qaysidir maydaroq ishtirokchilar norasmiy faoliyat yuritayotganda mijoz aynan sizni tanlashi uchun nima qilish kerak?
Bozor bo‘sh. Bozor mutlaqo egallanmagan. Chunki 38 mln aholisi bor mamlakatda bizning yuzta restoranlarimiz, qolgan boshqa hamkasblarimizning bir-ikki yuz restoranlari — bular, albatta, bozorni qaysidir tarzda to‘ldirgan degani emas.
Yarim rasmiy sxemalar bilan qanday yashab qolish mumkin? O‘zing ishongan, sifati va xavfsizligiga mehmoning ishonchi komil bo‘lgan mahsulot yetkazib berish lozim. Bugun, ertaga, bir oydan so‘ng, tongda-yu, shomda, tunda yetkazib berish orqali va har qanday yo‘l bilan olib borib berilganda ham bu mahsulot ta’mining barqarorliga ishonch.
Bozordagi tendensiyalarni kuzatib borasizmi? Raqobatchilaringiz nima qilishyapti? Masalan, kimdir filial ochgan, kimdir taomnomaga yangi ovqat kiritgan yoki Oqtepa Lavash’ning raqobatchilari yo‘qmi?
Men “raqobatchi” so‘zini yoqtirmayman. Biz hammamiz bitta bozorda ishlayapmiz va hammamizning vazifamiz bitta, umumiy. Hozir Tadbirkorlar assosiatsiyasi tuzilayapti — unga biz ham, bizning biznesimiz bo‘yicha, umumiy ovqatlanish bo‘yicha hamkasblarimiz ham kiradi.
Shuning uchun tendensiyalarni kuzatib boramiz — ha, shubhasiz. Lekin bu yerda, to‘g‘rirog‘i, hammamiz jahon tajribasiga qaraymiz, chunki tendensiya jahon bozoriga ancha tez yetib keladi. Qandaydir raqobatga kelganda esa…
Butun umumiy ovqatlanishning bitta vazifasi bor: shunday qilish kerakki, toki iste’molchi uydan tashqarida ovqatlanish — me’yordagi, arzon, xavfsiz, shinam va qulay ekanligini tushunib yetsin. Shu vazifani hal qilishimiz bilanoq, raqobat yo‘qolib ketadi.
Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot
2024-yilda kompaniya o‘z xususiy go‘sht sexini ochdi. Ishlab chiqarish qanday yo‘lga qo‘yilgan?
Birinchi bosqichda go‘sht tomirlardan tozalanadi, keyin avtomatlashtirilgan tasmaga kelib tushadi, u yerda yupqa qatlam-qatlam qilib kesiladi va maxsus idishlarga taqsimlanadi. Shundan so‘ng valik (zo‘g‘ata)lar yordamida ziravorli sirkamoyga bostiriladi (marinatsiya qilinadi) — shu tariqa Oqtepa Lavash’ning o‘ziga xos ta’mini oladi.
Shundan so‘ng eng muhim bosqich — donarning o‘zini yig‘ish boshlanadi. Tilimlangan va sirkamoyga bostirilgan go‘sht bo‘laklari vertikal blok hosil qilgan holda, qo‘l bilan metall sixlarga tiqiladi. Yig‘ish yakunlangandan keyin tayyor mahsulot vazn nazoratidan o‘tadi, har bir qadoq esa o‘z noyob kodini oladi, shu kodga qarab uni kim va qachon yig‘ganini kuzatish mumkin.
Sex bir oyda 180 tonna tayyor mahsulot tayyorlashi mumkin, lekin 300 tonnagacha ishlab chiqara oladi.
Shuncha go‘sht qayerdan olinadi?
Juda yaxshi savol, buni amalda har kuni hal qilyapmiz. Birinchi navbatda mahalliy ishlab chiqaruvchiga mo‘ljal olamiz. Yarim tayyor mahsulotning sifati va narxi bo‘yicha imkon bo‘lishi bilanoq — mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan ishlaymiz. Qozog‘iston va Belarusdagi hamkasblarimiz bilan ham ishlaymiz. Biz uchun eng muhimi — xomashyo ichki standartlarimizga mos kelishidir.
Hammasi yaxshi bo‘lsa — 60%gacha mahaliy xomashyodan foydalanamiz. Ammo O‘zbekistonda go‘sht ishlab chiqarish borasida katta savollar bor, chunki u tarixan hech qachon chorvachilik mamlakati bo‘lmagan.
Keyingisi esa — narx. Chunki har qanday sendvichda uchta eng katta narx hosil qiluvchilar bor: unga kiradigan xomashyoning tannarxi, xodimlar mehnatiga haq to‘lash fondi va ijara. Bu uchta tashkil etuvchilarni bittaga birlashtira olganlar mahsulotni arzon narxlarda taqdim etishga erisha oladilar.
O‘z ishlab chiqarishingiz mahsulot tannarxini kamaytirishga qanchalik ko‘maklashdi?
Aslida, shaxsiy ishlab chiqarish mahsulotning tannarxini kamaytirmaydi. Hatto aksincha bo‘ladi ham — bu ishlab chiqarish tannarxni oshiradi. Lekin shu tarzda katta ishonch beradi. Biz butun mahsulotni ko‘rib turamiz, uning kirib kelishini nazorat qilamiz.
Ha, biz go‘sht yetishtirmaymiz, ammo u bizning sexga kelib tushgan paytdan boshlab, uning hayoti har bir soatini — mehmonlarga sota boshlagan paytimizgacha tushunib turamiz. Bu bizga mahsulot xavfsiz, ishonchli, sifatli va bir xil ta’mda ekanligiga ishonch beradi. Biroq tannarx masalasida — bunda biror yutuq yo‘q.



Foto: Javohir Esonboev / Spot
2018-yilda Oqtepa Lavashning bir necha filiallarida suvaraklar bilan bog‘liq nizolar qayd etilgan edi. O‘shanda nima bo‘lgan edi va hozir kompaniya qanday qilib shunga o‘xshash holatlarning oldini olayapti?
Bu kompaniya rivojlanishining yo‘lini o‘zgartirib yuborgan o‘ta muhim nuqta bo‘ldi. U bizga xalqaro standartlarga to‘liq mos kelishimiz, mahsulotni kuzatib borishimiz va ishlab chiqarishga investitsiyalar kiritishimiz zarur ekanligini ko‘rsatib berdi.
Shunga o‘xshash mojarolar istisno etilganiga ishonch hosil qilishimiz uchun hozir kompaniya nazoratning zamonaviy jarayonlari va uslublarini joriy etgan. Biz inson omilini eng kam darajaga tushirayapmiz, chunki odam ishlayotgan joyda xato ehtimoli bo‘ladi.
Lekin bizning tizimimiz har qanday muammoni tezkor aniqlash, uning tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik va takrorlanishini bartaraf etishga imkon beradi. Bizda xodimlar masofaviy ta’limi va shahodatlanishi bor — hech kim imtihon topshirmay turib, ishga kirishi mumkin emas. Ichki auditlar va restoranlarda to‘satdan tekshiruvlar tizimi mavjud. IT-tizim esa butun mamlakat bo‘ylab barcha jarayonlarni onlayn tartibda raqamli nazorat qilishni ta’minlaydi.
2019-yilda ham 50 dan ko‘p odam tarmoq mahsulotidan zaharlandi. Kompaniya ichki surishtiruv o‘tkazishini bayon qilgan edi, ammo natijalari haqida axborot bo‘lmadi. O‘sha vaqtda sabab nima bo‘lgandi?
Mahsulotni nazorat qilish va kuzatib borishning me’yordagi tizimi bo‘lmagani asosiy sabab bo‘lgan edi. U vaqtda kompaniya oldida ikkita yo‘l qolgandi: eng osoni — brendni almashtirish. Lekin xatoni tan olish, brendni saqlab qolish va u bilan faxrlanishda davom etishga o‘zimizda kuch topa bildik. Eng qiyini — yiqilgandan keyin oyoqqa turish. Biz buni uddalay oldik. Bugun ishonch bilan turibmiz va kelajakka hushyorlik bilan qarayapmiz.
Agar boshqa kompaniyalar shunga o‘xshash tang vaziyatga duch kelib qolsa, ularga nima maslahat bergan bo‘lardingiz? Tavakkallar menejmenti va mavqeni saqlash nuqtai nazaridan qanday yo‘l tutish lozim?
Birinchisi — eng yuqori darajada ochiqlik va shaffoflik. Muammoni tan olishdan va siz haqiqatan ham uni ko‘rib turganingiz va tushunishingizni ko‘rsatishdan qo‘rqmaslik lozim. Ikkinchisi — nizolarga tez munosabat bildirish va ularni bartaraf etishga imkon beradigan tizimlarning mavjudligi. Uchinchisi esa — eng asosiy narsada tejamkorlik qilmaslik. “Kelinglar, mahsulotni saqlab qolaylik, pul yo‘qotmaslik uchun turaversin”, deb o‘ylamaslik lozim.
Eng katta yo‘qotish — mehmonni yo‘qotish. Agar mehmon ketib qolsa — go‘sht, kartoshka va boshqa narsalar hech kimga kerak bo‘lmay qoladi. Mehmonni qanday qaytarish, qanday qilib ikkinchi, uchinchi imkoniyatni qo‘lga kiritish haqida o‘ylash kerak.
Taomnomadagi eng ommabop bandlar qaysilari?
Oqtepa Lavashda eng ommabop taom — lavash. Bir oyda yarim millionga yaqin lavash sotamiz. Reytinglarga kelsak, cheklarning 65−70%i lavashniki.
Hozirda bizning amaldagi menuyumizda 50 ga yaqin taom turi mavjud.
Buyurtma rasmiylashtirilayotganda bir buyurtma ko‘pi bilan 5 daqiqada tayyorlanadi deyiladi. Haqiqatan shundaymi?
Bizda buyurtmalarning 75%i 5 daqiqagacha tayyorlanadi. Lekin filiallar taomnomasida o‘z-o‘zidan 12 daqiqada tayyor bo‘ladigan pitsa bor bo‘lib, u jarayonni kechiktiradi. Biz uchun eng muhim ko‘rsatkich — 9 daqiqa. Buyurtmalarimizning 90%i 9 daqiqagacha tayyorlanishini xohlaymiz.
Nega aynan 9? Chunki 30 daqiqani yetkazib berishga mo‘ljallaymiz. Shundan kelib chiqib, pishirishga — 9 daqiqa va buyurtmani yetkazib berish uchun kurerda 22 daqiqa qoladi. Bu har bir filialning hududini va biz mavjud bo‘lgan barcha shaharlarni to‘liq qamrab oladi. Bundan tashqari, transportda tashish, sumkada va issiq peshaxtada saqlash shartlariga rioya qilinganda, mahsulotimiz haroratini yo‘qotmaydi. U mehmonning qo‘liga issiqqina yetib boradi.
Oqtepa Lavashdagi narx siyosati deyarli har bir mijoz uchun eng arzon darajada. Bir to‘liq taom 16 ming so‘m. Bu maxsus strategik usulmi?
Biz narxlarga juda ta’sirchan muhitda yashayapmiz. Mamlakatda 38 mln odam borligiga qaramay, narxning ahamiyati juda yuqori. Arzon mahsulot qilish — oson. Sifatli arzon mahsulot qilish — ancha qiyin bo‘ladi. Xavfsizlik nuqtai nazaridan to‘liq ishonching komil bo‘lgan sifatli, arzon mahsulot tayyorlash va bunda butun mamlakat bo‘ylab bir xil sifat va ta’mni ta’minlab berish — bu endi oliy darajadagi mahoratdir.
Qoraqalpog‘istondan tortib Farg‘ona vodiysigacha filiallarimiz bor. Hamma joyda bir xil ta’mga ega, xavfsiz mahsulot sotayotganingga ishonch hosil qilish — ishlab chiqarish jarayolarini tashkil qilishning yuksak darajasini talab qiladi.
Shu bilan birga, narx 20 ming bo‘lishi va unga marja (daromad va ishlab chiqarish xarajatlari o‘rtasidagi farq) kiritilganligi — ishlab chiqarish tizimi darajasidan dalolat beradi.
Mahsulotning qiymatini qanday hisoblab chiqish mumkin? Hatto faqat birgina lavash misolida bo‘lsa ham mayli.
Qiymat — dastlabki tarkibiy qismlar minus ishlab chiqarish sarflari. Plyus qadoqing narxi. Tannarx asli shundan kelib chiqadi. Keyin bunga ishchi kuchi, bino ijarasi, kommunal xizmatlar, filial hayotida ishlatiladigan xarajat materiallarining qiymatini qo‘shish zarur.
Natijada filial darajasida rentabellik 40−48% chegaralarida bo‘ladi. Agar shunga markaziy ofis — o‘qitishga, moliya, marketing sarflari va hokazolar qo‘shilsa, yakuniy foydalilik 30% daraja atrofida bo‘ladi. Bu umuman olganda, tarmoq bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich.
Unday bo‘lsa, qanday qilib narxlarni iste’molchi uchun arzon bo‘lgan bunday past darajada ushlab turish va ayni paytda zararga kirib ketmaslik mumkin?
Kengaytirish. Zavodimiz qancha mahsulot ishlab chiqarishi mumkin? U 300 tonna ishlab chiqarishi mumkin. Hozir esa 180 tonna ishlab chiqaryapti. Xuddi shuncha odamlar bilan, xuddi shu ijara, amalda xuddi shu kommunal xarajatlar bilan sex 320 tonna go‘sht ishlab chiqarishi ham mumkin. Shunchaki sotish bozorlarini qidirish zarur.
Ya’ni, shartli ravishda, uskunalar yuvish uchun ertalab ishga tushiriladi va tunda o‘chiriladi. Uskunada biror narsa chiqarish-chiqarmasligidan qat’i nazar, u baribir elektr quvvati sarflaydi. U sotiladigan mahsulot qilishi mumkin — shunda bizda tushum bo‘ladi va tannarx tobora kamroq bo‘lib boraveradi. Shunchaki bo‘sh turishi ham mumkin — u holda biz pul yo‘qota boshlaymiz.
Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot
O!Kafe va Milly kabi alohida brendlarni yo‘lga qo‘yish Oqtepa Lavashga nima uchun kerak bo‘lib qoldi? Bu bozordagi kofe va desertlardan tortib, milliy taomlargacha bo‘lgan hamma talab segmentlarini yopishga urinishmi?
Har qanday fastfud keskin ko‘payishni ko‘zlab xizmat qiladi. Tegishlicha, u avval tushlikda, keyin kechki ovqatda ish beradi. Bu filial to‘lib turgan vaqt. Demak, qolgan barcha vaqtda mehmonlarga qo‘shimcha, iste’mol patternlari, ularni shundoq nomlay qolaylik, taklif qilish imkonimiz bor.
Oqtepa — o‘z tarixiga ega nom. Bu biz mahallada birga o‘sgan, keyin ko‘p qavatli uylarga ko‘chgan, lekin baribir buvimiznikiga, o‘sha mahallaga birga kelib turadigan yigit kabidir. U katta miqdordagi trafikni hosil qiladi — kuniga 25 ming tashrif buyuruvchi bizni sevishlari, tanishlari va bizga ishonishlarini ko‘rsatadi.
O!Kafe va Milly’ni ishga tushirish, bu — har qanday savdo markazida fud-kortning katta qismini egallashi mumkin bo‘lgan brendlar ekotizimini yaratish bo‘yicha strategiyaning bir qismidir. Kompaniyada taniqlilik, nom, trafik bor, bu — shunchaki yangi brendlar “qo‘shish"gina emas, balki ularni mavjud mehmonlar oqimiga darhol kiritishga ham imkon beradi.
Bizda ikkita asosiy taom brendi, desertlar, qahvahona brendi bor ekan — o‘z nuqtalarimiz bilan standart fud-kortning 30−40 metrini yopishimiz mumkin. Bu birinchidan. Ikkinchidan, bu trafik generatori sifatida ishlaydi. Odamlar bizni taniydi, yaxshi ko‘radi, bizga ishonishadi.
Milly loyihasi kutilmagan muvaffaqiyat bo‘ldi: ba’zi joylarda u tovar aylanishi bo‘yicha hatto asosiy brenddan ham o‘zib ketyapti. Hozir jamoa Milly’ni mustaqil loyiha sifatida — fud-kortlardan tashqari va asosiy oqimning qo‘llab-quvatlovisiz ishlay olish-olmasligini sinovdan o‘tkazmoqda. Agar ishlay olsa, brend alohida kengayib boradi.
Sirini oching-chi: qanday qilib 99 ta filiali bor tarmoq qurish va shu bilan birga uni savodli boshqarishda davom etish mumkin?
Javob juda oson: hech qanday siri yo‘q. Diqqatni odamlarga jamlash kerak. Kompaniyada 14 yillik mehnat stajiga ega odamlar bor. Agar foizlar haqida gapiradigan bo‘lsak, bunday odamlar soni ikki xonali raqamlar bilan o‘lchanadi. Ya’ni odamlar shu kompaniyada 14−15 yillab ishlashyapti. Avval-boshdanoq, hammasi bittalab terilgan paytdan bugunga qadar bu odamlar kompaniya bilan birga — bizning ishlab chiqarishimizni, filiallarimizni bugun o‘zingiz ko‘rdingiz.
Odamlar rivojlanish imkoniga ega bo‘lishi uchun hamma sohalarda qo‘limizdan kelgan ishni qilayapmiz. Odam kompaniyada uzoq vaqt ishlab kelayotgan bo‘lsa — u bir joyda to‘xtab qolmasligi uchun nima qilish kerak? Unga bilimlar va shu bilimlarni qo‘llay olishi uchun joy berish zarur.
Toki kimdir bizga kelarkan — uning uchun aniq va yaqqol dastur bor. Bizda xodimlarni tayyorlash tizimi bor bo‘lib, u yerda, masalan, kassadan ish boshlab rahbargacha yetib borish mumkin.
Xodim yig‘ishda, kassada yoki xostess sifatida ish boshlaydi — va 12 oy davomida, agar biz unga qo‘yadigan barcha talablarni bajarsa, hamma seminarlardan o‘tsa, hamma testlarimizni topshirsa — u rivojlanadi va filial direktoriga aylanishga tayyor bo‘ladi.




Foto: Javohir Esonboev / Spot
2025-yilda 100 tadan 150 ta filialgacha o‘sish vazifasi qo‘yilganligini aytib o‘tdingiz. Bu jarayon hozircha to‘xtatib qo‘yilganmi?
Oxirgi ikki yilda 32 ta filial ochdik. Bu yerda eng muhimi — ochish jadalligi emas. Mana, masalan, joriy yilda biz buncha miqdorda ochmadik. Nega? Chunki kompaniya ichidagi bir qator biznes jarayonlar biz bera oladigan bunday o‘sishga dosh berolmaydi.
Shu bois, bunday ochishni bir oz sekinlashtirdik. Hozir o‘zimizning yondosh brendlarimizni rivojlantirishga diqqatimizni jamlayapmiz, lekin kelasi yildanoq to‘laqonli kengayishga kirishamiz.
Tushunishimcha, hozir hamma filiallar o‘z boshqaruvingizda. Bu franshiza emas, hatto mintaqalarda ham. Menejment jihatidan bu qanchalik qulay. Bir qismini franshiza bo‘yicha birovga berishni rejalashtirmayapsizmi?
Menejment jihatidan bu juda qulay, chunki o‘z filiallarimizda har qanday vaqtda nima sodir bo‘layotganini ko‘rish mumkin. Lekin har qanday jahon tarmog‘i franshiza bo‘yicha rivojlanadi. Ahamiyatli bo‘lishni istaydigan hech bir tarmoq faqat o‘z filiallari bilangina rivojlana olmaydi. Shuning uchun bu yerda hammasi bizgacha o‘ylab qo‘yilgan. Eng samarali rivojlanish — franshiza bo‘yicha rivojlanishdir.
Lekin buning uchun eng yuqori mahsuldor biznes jarayon tuzib olishing kerak. Avvalambor, yoningga pul bilan keladigan har qanday odam — potensial franchayzi ekanligiga — sifatli ta’lim olishiga, restoranni boshqarish, uni ta’minlash uchun sifatli vositalar olishiga ishonching komil bo‘lishi zarur.
Chunki biznesingiz qanchalik samarador bo‘lishi franchayzlaringiz qanchalik mahsuldor bo‘lishiga bog‘liq. Bu esa siz uni qanchalik doimiy ravishda bilimlar, mahsulotlar, texnologiyalar, jaryonlar bilan ta’minlab turganingizdagina mahsuldor bo‘ladi. Tamom-vassalom.
Hammadan ko‘p foyda keltirayotgan biror mintaqa bormi?
Shubhasiz, Samarqand — birinchi. Keyin — Farg‘ona va Farg‘ona viloyati — ikkinchi raqam. Buxoroga kirib borishni juda xohlaymiz va kelasi yili o‘zimizning shu istagimizni ro‘yobga chiqaramiz, deb o‘ylayman.
Qachonlardir O‘zbekiston hududlaridan tashqariga chiqishni rejalashtirayapsizmi?
Shubhasiz. Taxminiy yo‘nalishlar hamisha ancha oddiy: odamlar eng ko‘p bo‘lgan, asosiy sexlaringgacha masofa eng qisqa bo‘lgan joylar — ana shular rivojlanishing uchun nuqtadir. Shu jihatdan eng yaqini, albatta, Qozog‘iston, o‘sha Chimkent va to‘rt-besh soatda bir mashina haydab boriladigan hamma shaharlar ekanligi tushunarli.
Lekin eng muhim joyi — buni qanday amalga oshirishimizni o‘zimiz uchun tushunib olishimiz kerak: korporativ tarmoqlar orqalimi yoki franchayzing tarmoqlari orqalimi, chunki bular boshqa-boshqa tarixlardir. Agar franchayzing bo‘lsa — unda avval shu yerda ishga tushirish, bu qanday ishlashini ko‘rish kerak. Agar korporativ bo‘lsa, bu — investitsiyalar masalasi.
Lekin, shubhasiz, biz faqat O‘zbekiston bozorida cheklanib qolmoqchi emasmiz. Yana ham rivojlanish istagidamiz.
Kompaniyada hozirgi paytda amalga oshmagan, ammo siz aniq u sari borayotgan biror maqsad bormi?
Biz O‘zbekistondagi birinchi raqamli restoran kompaniyasiga aylanmoqchimiz. Hozircha birinchi emasmiz.










