Avval 3-noyabrdan Chevrolet Cobalt avtomobillarining yangi versiyalari sotuvi boshlanishi haqida xabar berilgandi.
UzAuto Motors Cobalt avtomobilining mavjud, shu jumladan ikkita yangi komplektatsiyasi uchun shartnomalar faqat onlayn tuzilishini ma’lum qildi.
Avtomobil ishlab chiqaruvchisi yangi Style MCM va Midnight MCM versiyalarining ko‘rgazma namunalari dilerlik markazlariga yetkazib berilgani, mijozlar ular bilan tanishishlari mumkinligini qayd etdi.
UzAuto Motor kontraktatsiya jarayonining onlayn amalga oshirilishini Cobalt’ga bo‘lgan yuqori talab, mijozlar so‘rovi hamda ortiqcha ajiotajning oldini olish maqsadi bilan izohladi.
Shartnoma berish jarayoni 3-noyabr soat 10:00 dan boshlanib, uzavtosavdo.uz sayti hamda UzAvtoSavdo ilovasi orqali amalga oshiriladi. Shu kuni barcha Chevrolet dilerlik markazlari yopiladi va UzAuto Motors savdo tizimidan uziladi.
Endilikda onlayn tuzilgan shartnomalarda maxsus QR-kod mavjud bo‘ladi va u shartnomaning haqiqiyligini tasdiqlaydi. Bunday QR-kodga ega bo‘lmagan shartnomalarga esa UzAuto Motors va rasmiy dilerlar aloqador hisoblanmaydi. Kompaniya mijozlardan diqqatli bo‘lishlarini va shartnoma tuzishda QR-kod mavjudligini tekshirishga chaqirdi.
Kompaniya yangi Chevrolet Cobalt modifikatsiyalarini ommaviy ishlab chiqarishni boshladi. Style MCM narxi — 156,1 mln so‘m, Midnight MCM esa 165,2 mln so‘mni tashkil etadi. Yangi versiyalarda kruiz-nazorat tizimi, old o‘rindiqlar isitgichi va Android Auto/Apple CarPlay qo‘llab-quvvatlovchi sensor multimedia kabi 50 dan ortiq yangi komponentlar mavjud.
Bundan tashqari, UzAuto Motors Xorazm Avto korxonasining ishlab chiqarish quvvatlarida Damas Move va Damas Max modellarini ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Yangi model joriy Damas versiyasi bilan bir vaqtda ishlab chiqariladi.
Avvalroq Spot UzAuto Motors Cobalt’ning tormoz tizimida nosozlik kuzatilganini rad etgani haqida yozgandi. Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Nukusda Cobalt avtomobilining tormoz tizimidagi nosozlik sabab, YTH sodir bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgandi.
