Toshkentdagi Mirobod bozorida faoliyatni to‘xtatmasdan taʼmirlash ishlari boshlandi. Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
28-oktabr kuni bozorga tutash hududda keng ko‘lamli obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari boshlandi. Bu bozor atrofini zamonaviy qiyofaga keltirish va fuqarolar uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan.
Mirobod tumani hokimligi mavjud daraxtlar saqlab qolinishini alohida taʼkidlab o‘tdi. Bundan tashqari, hududda yangi yashil maydonlar, obodonlashtirilgan piyodalar yo‘laklari va savdo uchun zamonaviy sharoitlar yaratilishi rejalashtirilgan.





Mirobod bozorini rekonstruksiya qilish loyihasining vizual ko‘rinishi. Foto: Mirobod tumani hokimligi
“Ishlarni „Munitsipal aktivlarni boshqarish“ davlat unitar korxonasi amalga oshirmoqda. Rekonstruksiya ishlari taxminan bir oyga mo‘ljallangan. Ushbu davrda bozor odatdagidek faoliyatini davom ettiradi”, — deyiladi xabarda.
Tuman hokimligi Spot‘ga bergan izohida Mirobod bozori atrofidagi hudud qoniqarli holatda bo‘lganini maʼlum qildi. Obodonlashtirish ishlari yakunlangach, bozor zamonaviy ko‘rinishga keltiriladi. Biroq rekonstruksiya loyihasining qiymati ochiqlanmadi.
Spot, avvalroq, Toshkent xalqaro aeroportida qayta qurilgan kutib olish zali ochilgani haqida yozgandi.





