1-noyabrdan O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi halqa yo‘lida metro poyezdlari harakati tiklandi. Bu haqda Toshkent metropoliteni xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, hozirda ushbu yo‘nalishda 12 ta harakat tarkibi 7 daqiqalik interval bilan harakatlanmoqda.
Poytaxt metropoliteni may oyi oxirida ikkita — Qipchoq va Turon bekatlarini yopgan edi. Shundan so‘ng, 28-iyundan boshlab Yangiobod’dan Quruvchilargacha bo‘lgan oraliqdagi yana oltita bekatda harakat to‘xtatildi.
Metropoliten ma’muriyati yopilishni “poyezdlar va yo‘lovchilar harakati xavfsizligini ta’minlash,” shuningdek, “yangi uchastkalarda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish” bilan izohladi. Ma’lum qilinishicha, ishlar jami uch oy — sentabr oyi boshigacha davom etishi haqida xabar berilgandi.
Transport prokurori Ikrom Narimov iyun oyi oxirida yer usti metro liniyasini rekonstruksiya qilish ishlarining borishini o‘rgangan edi. Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, tekshiruv davomida ishchi guruh tomonidan “bir qator kamchilik va xatolar” aniqlangan.
Yo‘lovchilar uchun liniyaning ochilishi 18-oktabrdan mo‘ljallangan edi. Ammo, keyinroq bekatlar ishga tushirilishi 1-noyabrga ko‘chirildi.
Avvalroq Spot yil yakunigacha Toshkent metrosidagi barcha kassalar yopilishi haqida yozgandi.
