UzAuto Motors 3-noyabrdan Chevrolet Cobalt avtomobillari uchun kontraktatsiyani ochdi.

Hozirda avtomobilning mavjud, shu jumladan ikkita yangi komplektatsiyasi uchun shartnomalar tuzish mumkin. Jarayon uzavtosavdo.uz sayti hamda UzAvtoSavdo ilovasi orqali amalga oshiriladi.

Chevrolet Cobalt avtomobilining yangi versiyalari uchun narxlar:

  • Style MCM — 156 100 000 so‘m;
  • Midnight MCM — 165 200 000 so‘m.

Mavjud komplektatsiyalar narxlari esa quyidagicha (hozirda saytda yangi versiyalar uchun shartnoma tuzish mumkin):

  • Style AT Plus — 147 916 000 so‘m;
  • Midnight AT — 155 231 000 so‘m.

Shartnoma berish jarayonida barcha Chevrolet dilerlik markazlari yopiladi va UzAuto Motors savdo tizimidan uziladi.

cobalt, kontraktatsiya, narxlar, uzauto motors

Endilikda onlayn tuzilgan shartnomalarda maxsus QR-kod mavjud bo‘ladi va u shartnomaning haqiqiyligini tasdiqlaydi. Bunday QR-kodga ega bo‘lmagan shartnomalarga esa UzAuto Motors va rasmiy dilerlar aloqador hisoblanmaydi. Kompaniya mijozlardan diqqatli bo‘lishlarini va shartnoma tuzishda QR-kod mavjudligini tekshirishga chaqirdi.

Cobalt uchun kontraktatsiya ochilishi oktabr oyi o‘rtalarida ma’lum bo‘lgandi. Yangi versiyalarda kruiz-nazorat tizimi, old o‘rindiqlar isitgichi va Android Auto/Apple CarPlay qo‘llab-quvvatlovchi sensor multimedia kabi 50 dan ortiq yangi komponentlar mavjud.

Undan keyin UzAuto Motors Cobalt uchun shartnomalar faqat onlayn tuzilishini ma’lum qildi. Avtomobil ishlab chiqaruvchisi yangi buni Cobalt’ga bo‘lgan yuqori talab, mijozlar so‘rovi hamda ortiqcha ajiotajning oldini olish maqsadi bilan izohladi.

Bundan tashqari, UzAuto Motors Xorazm Avto korxonasining ishlab chiqarish quvvatlarida Damas Move va Damas Max modellarini ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Yangi model joriy Damas versiyasi bilan bir vaqtda ishlab chiqariladi.

Avvalroq Spot UzAuto Motors Cobalt’ning tormoz tizimida nosozlik kuzatilganini rad etgani haqida yozgandi. Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Nukusda Cobalt avtomobilining tormoz tizimidagi nosozlik sabab, YTH sodir bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgandi.