Tezlikni sevuvchilar, avtosport muxlislari orasida Formula 1 poygalari nafaqat sport musobaqasi, balki hayajon hamda ehtirosga boy voqealar rivojini ham anglatadi. Biroq bu musobaqalarning xavfsiz va tartibli o‘tishida sahna ortida faoliyat yurituvchi ko‘plab mutaxassislar mehnati mujassam. Ular orasida poyga xavfsizligini ta’minlovchi marshallar alohida o‘rin tutadi.
Shunday mas’uliyatli va xavfli kasb sohibalaridan biri — Dilfuza Matkarimova. U xalqaro va mahalliy darajadagi avtosport musobaqalarida, jumladan, Formula 1 treklarida marshal sifatida faoliyat olib bormoqda. Dilfuza poyga jarayonida haydovchilarning harakati, yo‘l sharoiti-yu xavfsizlik qoidalariga rioya etilishini nazorat qiladi. Avariya yoki texnik nosozlik yuz berganda esa u birinchilardan bo‘lib harakatga kirishadi.
Dilfuza Matkarimova — Qoraqalpog‘istonda tug‘ilgan, hozirda yo‘l harakati bo‘yicha loyihalar ustida ishlamoqda. 2015-yil Rossiyaning Qalmoq davlat universitetining rus tili va adabiyoti filologiyasi yo‘nalishida tahsil olgan. 2019-yildan 2022-yilning mart oyiga qadar Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari institutida faoliyat yuritgan. Shundan so‘ng, u o‘qishini davom ettirib, 2021-yildan 2024-yil oxirigacha Indoneziya bilan hamkorlikdagi ikki diplomli (1+1) qo‘shma ta’lim dasturida ingliz tilida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining magistratura bosqichida tahsil olgan.
Dilfuza Spot’ga bergan intervyusida Formula 1 poygalarining ichki jarayonlari, marshalning asosiy vazifalari, treklarda yuz bergan jiddiy hodisalar hamda O‘zbekistonda avtosportning rivojlanish istiqbollari haqida so‘zlab berdi.
Avvaliga Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari institutida ofis ishida ishlagansiz. Bunday rasmiy sohadan dinamik sferaga qanday qilib kirib qoldingiz?
Oliy Majlis katta maktab bo‘ldi. U yerda diplomatik muzokaralar, to‘g‘ri muloqot, har kim bilan o‘z uslubida gaplashishni o‘rgandim. Bilasizmi, hayotimizda sodir bo‘layotgan har bir voqea bizni kelajakka tayyorlayotgan bo‘larkan. Buni Formula-1 dagi faoliyatim davomida sezdim. Avtosportga qizishim esa oilaviy muhit va volontyorlik harakatlarimdan boshlanagan.
Oilamizdagi barcha: ota-onam, amakilarim, amakivachchalarim yo‘l va yo‘l qurilishi sohasida o‘qib, ishlab kelishgan. Shu muhitda ulg‘ayganim sabab bo‘lsa kerak, meni ham bu sohaga tortishga harakat qilishgandi.
Foto: Javohir Esonboyev / Spot
Mavzuga chuqurroq kirishdan avval, keling birinchi, Formula 1 va unda marshalning roli nimalardan iborat ekanligini aniqlashtirib olsak?
Formula 1 — avtosport dunyosidagi yuqori, nufuzli va texnologik jihatdan eng rivojlangan poyga seriyasidir. Uni bemalol barcha professional poygachilarning oliy maqsadi, ya’ni avtosportning cho‘qqisi, deb atash mumkin.
Marshal esa Formula 1 poygalarida trekdagi xavfsizlikni ta’minlovchi ko‘ngilli mutaxassis. Uning asosiy vazifasi xavfsizlik. Bizning ishimiz agar avariya yoki texnik nosozlik yuz bersa, yoki poygaga xalaqit beradigan kutilmagan holat bo‘lsa, uni tezda aniqlash, markazga xabar berish hamda imkon qadar tez bartaraf etish hisoblanadi.
Ular bir nechta ixtisosliklarga bo‘linadi, ya’ni marshallar ham vazifasiga qarab farqlanadi:
- Flag-marshal (Bayroq nazoratchisi). Ular maxsus signal bayroqlari bilan ishlab, haydovchilarga trekdagi holat haqida vizual signal berishadi. Masalan, sariq bayroq — xavf, yashil bayroq — poygani davom ettirish mumkin, singari.
- Radio-marshal. Butun post va trekda nima bo‘layotganini radioda kuzatib, poyga davomida qoida buzilgani yoki jiddiy holatni ko‘rib qolsa, boshqaruv markaziga zudlik bilan xabar beradi.
- Intervention-marshal / Trek-marshal. Ular bevosita trekka chiqadigan odamlar. Agar avariya yuz bersa yoki avtomobildan motor moyi to‘kilsa, ular ruxsat signali bilan trekka chiqib, avariyani bartaraf etishadi.
Qanday qilib Formula 1 poygalariga qiziqib qoldingiz? Marshal bo‘lish g‘oyasi qanday paydo bo‘ldi?
2022-yil Xalqaro Avtomobil Federatsiyasi (FIA) tomonidan ayollarni avtosport sohasida qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan “Women Exchange” dasturida ishtirok etdim. Dasturga tavakkal qilib ariza topshirgandim. Biroq 300 ga yaqin nomzod orasidan atigi 24 nafar qiz tanlab olindi, men ularning biri bo‘ldim.
Dastur Singapurda, Osiyo va Tinch okeani mintaqasi uchun o‘tkazildi. Barcha xarajatlar qoplanib, bu biz uchun juda katta tajriba bo‘ldi.
Foto: Javohir Esonboyev / Spot
Turli davlatlardan kelgan qizlarni ko‘rib, motivatsiya oldim, yangi tanishlar orttirdim. Shu davrdan boshlab bu sohani yanada chuqurroq o‘rganishga bo‘lgan qiziqishim kuchaydi. Aynan shu dasturdan so‘ng Formula 1 olamiga yo‘l ochildi.
O‘sha yilning iyun oylaridan boshlab avto musobaqalarida marshal bo‘lib faoliyat yuritishni boshladim. Avvaldan turli ijtimoiy loyihalarda faol bo‘lganim uchun O‘zbekiston milliy avtomobil klubi (NACU) orqali ilk bor Ozarbayjon Formula 1 Gran-prisida marshal sifatida qatnashish imkoniga ega bo‘ldim.
Hozirga qadar, avtosport olamiga kirganimga 3 yil bo‘lgan bo‘lsa, bu vaqt davomida Formula 1'ning 12−13 ta poygasida marshal sifatida ishtirok etdim.
Formula 1 trassasidagi birinchi kuningiz qanday o‘tgan? Maxsus tayyorgarlik jarayonlari ham bo‘lganmi?
2022-yil. Ozarbayjon, Boku. Trekka kelganimizda darhol to‘q sariq rangli forma berishdi. Marshal sifatida tayyorgarlik ishlari poyga kunidan ancha oldin boshlanadi. Ko‘pchilik poyga 3 kun davom etadi, deb o‘ylaydi. Lekin biz trekda 4 kun, ba’zan 5 kun bo‘lamiz, chunki tayyorgarlik, o‘quv hamda yo‘riqnoma mashg‘ulotlari bunga kiradi.
Birinchi qilgan ishimiz joyimiz bilan tanishish bo‘ldi. So‘ng bizni guruhlarga va postlarga bo‘lishdi. Har bir post trekning ma’lum sektoriga joylashtirilgan bo‘ladi. Har bir guruh ichida esa kim qanday vazifani bajarishini belgilashadi. Men birinchi bo‘lib flag-marshal bo‘lib ishlaganman.
To‘g‘risini aytsam, birinchi kuni hayajonim juda kuchli edi — nima qilishni aniq bilmasdim. Ammo post boshlig‘im tinchlantirib, jamoa bilan tanishtirdi: “Siz beshinchi sektorda bo‘lasiz, bu yerda hammasini o‘rgatishadi, xavotir olmang”, dedi.
Ertasi kuni avtobusda trek ichiga olib kirishdi. Bizga har bir marshrut, xavfsizlik qoidalari-yu signal tizimlari bo‘yicha batafsil yo‘riqnoma berishdi. Har kim o‘z postiga joylashtirildi. Biz beshinchi burilishda, ya’ni trekning eng murakkab nuqtalaridan birida edik.
Shu yerda men trassa sxemasi, xavfsizlik signallari va harakat tartibini amaliyotda o‘rganishni boshladim — qanday harakat qilish, qaysi vaziyatda qanday choralar ko‘rish kerakligini bevosita o‘sha joyda angladim.



2022-yil. Ozarbayjon, Bokuda o‘tkazilgan Formula 1 Gran-prisi. Foto: Dilfuza Matkarimovaning Linkedindagi shaxsiy sahifasidan
Boya marshal bo‘lishni ko‘ngillilik harakati, deb aytdingiz. Demak, bu ish uchun hech qanday haq to‘lanmaydi. Unda yashash xarajatlari, viza va safar xarajatlarini kim qoplaydi?
Ha, bu volontyorlik (ko‘ngillilik) harakati hisoblanadi. Marshal faoliyati uchun ish haqi to‘lanmaydi. Poygalarda marshal sifatida qatnashish asosiy hobbim, professional hayotimning bir qismidir.
Poygada marshal bo‘lib ishlash uchun yonimda pul to‘layman — poygaga borish, yashash va qaytish xarajatlarini to‘liq o‘zingizning hisobingizdan qoplaysiz. Masalan, o‘tgan yili men 2 oy ichida ketma-ket 3 ta poygada qatnashib keldim. Bu 3 ta poygaga borib-kelishim uchun taxminan $4000−4500 xarajat qilganman.
Hozir firmamiz bor. Firmamiz orqali loyihalar olaman — yo‘l qurilishi, arxitektura va yo‘l xavfsizligi, shu jumladan yo‘l chiziqlarini chizish hamda transport oqimini o‘lchash bo‘yicha. Aytish mumkinki, ishlab topgan barcha pulimni avtosportga bo‘lgan qiziqishimni qo‘llab-quvvatlashga ishlataman.
Bundan sizga nima foyda?
Xalqaro Avtomobil Federatsiyasiga (FIA) kirish, uning ichida yashash va shu ishning bir qismi bo‘lish.
Siz ishlagan poyga tashkilotlari yoki jamoalar orasida O‘zbekistonga qiziqish bo‘lgan holatlar bo‘lganmi?
Ha, albatta. Poygalarda qatnashganimda ko‘pchilik “Sizlarda ham poyga bormi?”, “Qanaqa poygalar o‘tkaziladi?”, “Federatsiyangiz kattami, qiziqish bormi?”, deb so‘raydi. Ular, Formula 1 taqvimida O‘zbekiston yo‘qligini bilishadi, shu sabab mahalliy poygalarimizga qiziqshadi.
Foto: Javohir Esonboyev / Spot
O‘zbekistonda Formula 1 poygalarini o‘tkazish masalasiga to‘xtalib o‘ta olasizmi? Buning qanday talablari bor?
Formula 1 poygalarini o‘tkazishning eng asosiy talabi bu trassa. Men Formula 1 poygasi yo‘q bo‘lgan boshqa davlatlar vakillari bilan suhbatlashganimda ham, ular birinchi navbatda “Bizda trassa yo‘q-da”, deyishadi. Agar noldan maxsus trek quriladigan bo‘lsa, u odatda shahardan uzoqroq hududda joylashadi.
Ba’zi poygalar avtomobil yo‘llarida o‘tkazilgan — masalan, Boku, Singapur. Biroq, bu yechim ham katta tashkiliy ishlarni talab qiladi. O‘sha vaqtda yo‘lni to‘liq yopish-u, yo‘lni poyga talablariga mos ravishda tayyorlash singari.
Trassadan tashqari, poygani tashkil etish juda katta xarajatlarni talab qiladi. Bunga poygachilarni olib kelish, jamoalarning faoliyatini ta’minlash, logistika va texnik xarajatlar ham qo‘shiladi. Shuning uchun O‘zbekistonda Formula 1 poygasini o‘tkazish nafaqat trek, balki moliyaviy resurslarni ham talab qiladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda bu mavzu bo‘yicha xabarlar tarqaldi. Ko‘pchilik mendan: “O‘zbekistonda ham Formula 1 poygalari o‘tkaziladimi?” deb so‘rayapti. Menimcha, bunday yirik musobaqani tashkil etish uchun Xalqaro Avtomobil Federatsiyasi (FIA) bilan mas’ul shaxslar o‘rtasida muzokaralar olib borilishi zarur. Agar kelishuvga erishilsa, rasmiy tashkilotlar bu haqda o‘z sahifalarida e’lon berishadi.
Bunday xalqaro poygalarni O‘zbekistonda o‘tkazish mamlakatga qanday foyda olib kelishi mumkin?
Birinchi navbatda — obro‘-e'tibor. Bunday nufuzli tadbirlarni o‘tkazish mamlakatimiz obro‘sini keskin oshiradi.
Boya aytib o‘tganimdek, trassalar odatda chekkaroq joylarda quriladi. Bu esa, o‘z navbatida, avtosport ixlosmandlarining o‘sha hududga borishi, xarajat qilishi va turizmni rivojlanishiga turtki bo‘ladi.
Bugungi kunda bizda qanday poygalar o‘tkaziladi?
Bizda Mo‘ynoq Ralisi har yili an’anaviy tarzda o‘tkaziladi. Ushbu tadbir, asosan, Orol dengizi hududidagi turizmni rivojlantirish maqsadida tashkil etilib, odatda may oyida bo‘lib o‘tadi.
O‘tgan yildan boshlab Drift poygalari juda ommalashdi — Indeks bozorida shoular bo‘lib turadi. Bu juda qiziqarli, ayniqsa yoshlar qiziqadi. Detallarini tushunadigan, sohaga kirishni xohlayotgan iste’dodli yoshlarimiz bor.
Foto: Javohir Esonboyev / Spot
Bundan tashqari, karting va uning bir turi bo‘lgan avtoslalom musobaqalari ham faol. Bularning barchasi Formula emas, albatta. Ammo bu poygalar yoshlarning avtosportga kirib kelishi uchun asos bo‘lmoqda.
Oxirgi uch-to‘rt yilda sohaning juda tez rivojlanib ketganini hisobga olsak, avtosportda ajoyib natijalarga erishamiz deb o‘ylayman. Agar Markaziy Osiyo davlatlari ichida O‘zbekiston bu sohada rivojlansa, natija juda katta bo‘ladi.
Marshal bo‘lish uchun qanday fazilatlar va tayyorgarlik kerak?
Eng birinchi va muhim narsa bu ingliz tili. Qaysi trening yoki brifingda qatnashmang, hammasi ingliz tilida o‘tkaziladi. Trekda ishlash, radio orqali aloqa qilish, ko‘rsatmalarni eshitish — bularning barchasi ingliz tilini mukammal bilishni talab qiladi.
Oddiy kundalik ingliz tilini emas, balki texnik terminologiyani bilish zarur. Chunki poyga paytida har bir signal, buyruq yoki ogohlantirish aniq va tez tushunilishi kerak. Masalan, radio orqali komandalar berilganda darhol javob qaytarish, vaziyatga tez reaksiya bildirish talab etiladi.
Ikkinchi muhim fazilat — jismoniy tayyorgarlik va chidamlilik. Trekda ba’zan 10−12 soatlab tik turib ishlaymiz. Ayniqsa Singapur yoki Abu-Dabi kabi joylarda poygalar kechasi o‘tkaziladi, bu esa issiq, namlik va charchoqqa bardosh berishni talab qiladi. Shuning uchun muntazam jismoniy mashqlar, yugurish, umumiy tayyorgarlik mashg‘ulotlari juda muhim.
Yana bir jihat bu xotirjamlik va hissiyotlarni nazorat qilish. Poyga davomida stressli vaziyatlar ko‘p bo‘ladi: avariya, o‘t chiqishi, mashina sinishi va hokazo. Bunday paytlarda emotsiyaga berilish mumkin emas. Harakatlar sovuqqonlik bilan, aniq tartibda bajarilishi kerak.







