Bitiruvchilarni ishga olgan tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar beriladi. Bu haqdagi tegishli qaror prezident tomonidan imzolandi.

Hujjat bilan, 2025-yil fevralda qabul qilingan prezidentning tegishli qaroriga o‘zgartirishlar kiritildi.

Jumladan, oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarini ish bilan taʼminlagan tadbirkorlarga 2 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga 5 mlrd so‘mgacha kreditlar ajratiladi. Bunda yillik Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada kreditlar ajratish belgilandi.

Imtiyozli kredit tadbirkorlarga har bir mlrd so‘m qiymatgacha bo‘lgan mablag‘ uchun kamida 1 nafar bitiruvchini ishga qabul qilish sharti bilan ajratiladi.

Kredit ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasidagi loyihalarga asosiy vositalar sotib olish hamda aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun ajratiladi.

Tadbirkor va bitiruvchi o‘rtasida 2 yil davomida mehnat shartnomasi bekor bo‘lgan taqdirda, kredit foizi mehnat shartnomasi bekor bo‘lgan sanadan tijorat stavkasiga o‘zgartiriladi. Biroq, bundan ushbu xodim o‘rniga 1 oy muddatda boshqa bitiruvchi ishga qabul qilingan hollar mustasno.

Shuningdek, bitiruvchilar o‘rtasida eng yaxshi startap va innovatsion loyihalar tanlovi tashkil etiladi. Tanlov g‘oliblariga kamida 2 nafar bitiruvchini ishga olish majburiyati bilan 1 mlrd so‘mgacha grant ajratiladi.

Avgust oyida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ishga olingan bitiruvchilar soniga qarab, tadbirkorlarga 5 mlrd so‘mgacha 18% li kredit berilishi aytilgandi.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etilgani haqida yozgandi.