BAA kompaniyalari O‘zbekistonda 500 MVt quvvatga ega energiya saqlash tizimlarini quradi, deya xabar berdi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Joriy hafta energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan ENACT Majlis va ADIPEC 2025 sun’iy intellekt va energetika xalqaro forumlarida ishtirok etdi.

Tadbirlar doirasida Energetika vazirligi rahbari BAA sanoat va ilg‘or texnologiyalar vaziri hamda energetika va infratuzilma vaziri bilan uchrashdi.

Shuningdek, u Masdar, AMEA Power, Etihad Waters, XRG, Global South Utilities, Siemens Energy, Honeywell Global Regions, Honeywell Process Solutions, SLB, BP va boshqa hamkor kompaniyalar rahbarlari bilan ham muloqot o‘tkazdi.

baa, energiya saqlash

Muzokaralar davomida tomonlar O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi “yashil” energetika hamda neft-gaz sanoatini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalarning borishi, erishilgan natijalar va kelajak rejalarini muhokama qildilar.

Masdar bilan hamkorlikda O‘zbekistonda umumiy quvvati 1247 MVt bo‘lgan beshta quyosh va bitta shamol elektr stansiyasi, shuningdek, 63 MVt quvvatli energiya saqlash tizimi ishga tushirildi. Bundan tashqari, Qashqadaryo viloyatida quvvati 300 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasining qurilishi davom etmoqda.

Forum doirasida Masdar kompaniyasi bilan Navoiy viloyatida 300 MVt/600 MVt/soat, shuningdek, AMEA Power kompaniyasi bilan 200 MVt/ 800 MVt/soat quvvatga ega energiya saqlash tizimini qurish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.

baa, energiya saqlash

Energetika vazirligi tomonidan e’lon qilingan suratlarda O‘zbekiston tomonidan bitimni “O‘zenergosotish” davlat kompaniyasi boshqaruvi raisi Jahongir Obidjonov imzolayotganini ko‘rish mumkin.


Avvalroq Spot ACWA 1 GVt quyosh elektr stansiyasi loyihasi uchun $1,5 mlrddan ortiq mablag‘ jalb qilgani haqida yozgandi.