3-noyabr kuni davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlarni tayinlash va to‘lash tizimini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilindi.
Hujjat bilan 2026-yildan O‘zbekistonda davlat ijtimoiy sug‘urtasining yangi tizimi joriy etiladi. Uning doirasida fuqarolar davlat ijtimoiy sug‘urtasi bilan quyidagi shartlarda qamrab olinadi:
- majburiy asoslarda — Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun bilan miqdori belgilanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining bir qismi hisobidan;
- ixtiyoriy asoslarda — mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 5%i miqdoridagi har oylik sug‘urta badalining eng kam miqdorini to‘lash evaziga.
Fuqarolarga davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlar ularning minimal sug‘urta staji va to‘lagan sug‘urta badaliga mutanosib ravishda Ijtimoiy himoya milliy agentligining Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi orqali to‘lanadi.
2026-yilning 1-yanvaridan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi jamg‘arma orqali proaktiv shaklda tayinlanadi va to‘lanadi. 1-iyuldan vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi ham shu tartibda belgilanadi.
Shuningdek, fuqarolarning murojaatlari asosida 2030-yildan ishdan bo‘shatish nafaqasi ham Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi orqali tayinlanadi va to‘lanadi.
Shavkat Mirziyoyev kasaba uyushmalari faollari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risidagi qonun qabul qilinishini tezlashtirishga chaqirgandi.
29-oktabr kuni prezident ijtimoiy sug‘urta tizimini takomillashtirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Rasmiy band bo‘lgan barcha shaxslarga nafaqalar bosqichma-bosqich Ijtimoiy himoya jamg‘armasi tomonidan to‘lanishi yo‘lga qo‘yiladi.
Undan keyin Senat davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risidagi qonunni maʼqulladi. Sentabr oyida ushbu qonun senatorlar tomonidan rad qilingandi. Hujjat Oliy Majlis palatalarida kelishuv komissiyasi tuzilgan holda qayta ishlandi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda 2030-yilgacha mo‘ljallangan munosib mehnat dasturi ishlab chiqilishi haqida yozgandi.
