Uzbekistan Airways Boeing 787 Dreamliner uchun buyurtmasini kengaytirmoqda. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

6-noyabr kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tgan C5+1 sammiti doirasida Uzbekistan Airways va Boeing o‘rtasida 8 ta Boeing 787−9 Dreamliner samolyotiga berilgan opsionlarni qat’iy buyurtmaga aylantirish bo‘yicha kelishuv imzolandi.

Hujjat Uzbekistan Airways Boshqaruvi raisi Shuhrat Xudoyqulov va Boeing kompaniyasining Yevrosiyo va Hindiston bo‘yicha savdo va marketing vitse-prezidenti Pol Rigi tomonidan imzolandi. Shuningdek, unda AQSh savdo vaziri Govard Latnik hamda O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov ishtirok etdi.

Shu tariqa, aviakompaniyaning keng fyuzelyajli Boeing 787−9 Dreamliner samolyotlariga berilgan umumiy qat’iy buyurtmasi 22 ta havo kemasini tashkil etdi.

Joriy yilning sentabr oyida Shavkat Mirziyoyevning AQShga tashrifi doirasida Uzbekistan Airways Boeing korporatsiyasi bilan Boeing 787−9 Dreamliner samolyotlarini xarid qilish bo‘yicha shartnoma imzolagandi.

Uning doirasida 14 ta Boeing 787−9 Dreamliner samolyotini xarid qilish va shu turdagi 8 ta havo kemasini opsion sifatida olish ko‘zda tutilgandi. Ularni yetkazib berish 2031-yildan boshlanadi. AQSh prezidenti Donald Tramp kelishuv qiymati $8 mlrddan ortiqni tashkil etishini ma’lum qildi.

Undan keyin AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Shavkat Mirziyoyevni Boeing bilan kelishuv bo‘yicha tabriklab, post qoldirdi.

“Bugun men prezident Mirziyoyevni Boeing bilan ulkan bitim imzolangani bilan tabriklayman! Uzbekistan Airways $8 mlrddan ortiq mablag‘ evaziga 22 ta 787 Dreamliner samolyotini xarid qiladi. Bu Qo‘shma Shtatlarda 35 mingdan ortiq ish o‘rinlarini yaratadi. Prezident Mirziyoyev — bir so‘zli inson va biz boshqa ko‘plab masalalar ustida birgalikda ishlashda davom etamiz! Bu masalaga e’tiboringiz uchun tashakkur”, — deb yozadi Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

Uzbekistan Airways’da qayd etilishicha, yangi samolyotlar xalqaro yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirish va aviakompaniyaning “global bozordagi o‘rnini mustahkamlash” imkonini beradi.

Planetspotters portali ma’lumotiga ko‘ra, Uzbekistan Airways flotida hozirda 7 ta Boeing 787−8 Dreamliner mavjud. Birinchisi 2016-yil avgustda, so‘nggisi esa 2021-yil aprelida yetkazib berilgan.

Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonga amaliy tashrifning ishbilarmonlik dasturi yakunida AQSh savdo vaziri Xovard Latnik ishtirokidagi ikki tomonlama bitimlarni almashish marosimida Uzbekistan Airways va Boeing o‘rtasida samolyotlarni yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolandi.

Avvalroq GM O‘zbekistonda Chevrolet modellarini kengaytirib, mahalliylashtirishni oshirishi haqida xabar berilgandi. Tomonlar yangi texnologiyalar va xomashyo resurslari sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.