Hamroh va Uzum Market qo‘shma loyihasi aynan shunday ayollarni — o‘z biznesini yo‘lga qo‘ymoqchi va rivojlantirmoqchi bo‘lgan, imkoniyatlarni izlayotgan va harakat qilishga tayyor ayollarni qo‘llab-quvvatlash haqida. Tadbirkor ayollar, ularning tajribasi, qiyinchiliklari va g‘alabalari haqidagi materiallar turkumi davom etadi.
Dastlabki qadamlar: brend qanday o‘sdi
Men an’anaviy o‘zbek matolari, qo‘lda tikilgan kashtalar orasida ulg‘ayganman, bolaligimdan rasm chizganman, tikuvchilikni o‘rganganman va dizayner bo‘lishni orzu qilganman. Buvimning uyidagi devorga osilgan ulkan qo‘lda tikilgan so‘zana hali ham esimda — uni soatlab tomosha qilardim, naqshlar va choklardan hayratlanardim.
Hammasi o‘zini namoyon qilish istagidan boshlangan, ammo vaqt o‘tishi bilan o‘zbek hunarmandchiligi an’analarini saqlab qolish va ularning zamonaviy bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatish g‘oyasi paydo bo‘ldi. Noyob matolar, qo‘lda to‘qilgan matolar, ikat va ipak asta-sekin o‘tmishga aylanib, o‘rnini tezkor moda egallayotganini ko‘rdim. Men etno-dizayn butun dunyoda dolzarb, ekologik toza va talabgir bo‘lishi mumkinligini isbotlamoqchi edim. Shunday qilib, mening yo‘lim — apsaykling, barqaror moda va qo‘l mehnati paydo bo‘ldi.
Kichik narsalardan — oddiy eskizlar, tikuv mashinasi, bozordan sotib olingan bir necha bo‘lak mato va ijod qilishga bo‘lgan ulkan ishtiyoqdan boshladim. Eng qiyini, bu shunchaki xobbi emasligiga, men bosib o‘tmoqchi bo‘layotganyo‘l jiddiy ekanligiga ishonish edi. Boshida oilamning menga bo‘lgan ishonchi va qo‘llab-quvvatlashi yo‘q edi. Uch bolam bor edi, faqat 12 yoshli katta o‘g‘limgina menga so‘zsiz ishonardi. Aynan u MARU degan brend nomini o‘ylab topgan.
U men uchun asosiy ilhom manbai bo‘ldi — hatto o‘zim ikkilangan paytlarimda ham meni ijodkor sifatida ko‘rardi. Biroq undan kam bo‘lmagan darajada, men bilan hamkorlik qilayotgan hunarmand ayollardan ham ilhomlanaman: Farg‘ona vodiysida adras va shoyi matolarni qo‘lda to‘qiyotgan, oilalarining an’analarini davom ettirib, zar ip bilan kashta tikayotgan ustalarda. Men o‘z vazifamni ularning mahoratini zamonaviy dizayn bilan uyg‘unlashtirish va bu ayollarga moda olamida o‘z ovozlarini eshittirish imkoniyatini yaratishda deb tushundim.

Bugungi kunda MARU xalqaro miqyosda faoliyat yurituvchi va ta’lim missiyasiga ega brend. Biz turli hududlardan kelgan hunarmand ayollar bilan hamkorlik qilamiz, YUNESKO loyihalari doirasida yoshlarga etno-dizayn va barqaror ishlab chiqarish tamoyillarini o‘rgatamiz. MARU mahsulotlari mahalliy va xorijiy platformalarda taqdim etilgan, ammo biz tabiiy matolar, qo‘l mehnati va axloqiy ishlab chiqarishga e’tibor qaratamiz.
Eng muhim yutuqlardan biri YUNESKO’ning sifat sertifikatini olish va O‘zbekistonni xalqaro maydonlarda — AQSh Garvard va Davlat departamentidan tortib Buyuk Britaniya, Germaniya va Koreyagacha taqdim etish imkoniyati bo‘ldi. Yaponiyada kimono tikishni o‘rganganimdan so‘ng, hunarmandchilik madaniyatlari birlashuvining ramzi bo‘lgan yaponcha qo‘l chokli ikki tomonlama chopon yaratdim.
Moda men uchun trendlar haqida emas, balki tarix to‘g‘risidadir. Har bir qaviq buvilarimiz boshlagan hikoyaning davomi. Shunchaki yangi tilda aytib berishga harakat qilyapman.
Birinchi marta O‘zbekistonni xalqaro sahnaga olib chiqqanimda va to‘qimachiligimizni qanday hayrat bilan qabul qilishayotganini ko‘rganimda, mening ishim shunchaki moda emas, balki madaniy diplomatiya ekanligini angladim. Merosga hurmat va madaniyatlar o‘rtasida ko‘priklar yaratish haqida.
Ta’lim dasturlari natijalarini ko‘rish men uchun ham muhim bo‘lib qoldi. Biz o‘qitayotgan hududlardagi xotin-qizlar o‘z ishini boshlamoqda, ustaxonalar tashkil qilyapti, buyurtmachilar bilan ishlayapti, o‘ziga ishonyapti. Bu tuyg‘uni hech qanday mukofot bilan qiyoslab bo‘lmaydi.
Qiyinchiliklarni yengib o‘tish va brend qiymati
Eng jiddiy sinov — o‘zim va atrofdagilarning shubhalari edi. Ayniqsa, biznesda ayol bo‘lsangiz, misollari yo‘q yo‘ldan yurish oson emas. Moliyaviy qiyinchiliklar ham bo‘ldi, lekin har bir qiyinchilik to‘g‘ri yo‘lda ekanligimga bo‘lgan ishonchni mustahkamladi. Meni bir fikr qo‘llab-quvvatlardi: agar maqsad hunarni saqlab qolish va ustalarning e’tiborga tushishiga imkon berish bo‘lsa, demak, bu barcha sa’y-harakatlarga arziydi.
MARU beshta tamoyilga asoslanadi:
- ustozlar va an’analarga hurmat;
- ongli yondashuv;
- madaniyat va zamonaviylik uyg‘unligi;
- ayollik kuchi;
- sifat.
Har bir buyumda tarix, xarakter va qalb bor. Biz jamoamiz bilan shunchaki dizayn emas, balki mehnat va hunarmandchilikka bo‘lgan muhabbatga asoslangan mahsulotlar yaratamiz.
Mening hikoyam va MARU tarixi ayollarni, ayniqsa yirik shaharlardan tashqarida yashovchi va o‘zini anglash yo‘lini izlayotgan ayollarni ilhomlantirishini istayman. YUNESKO loyihalari doirasida ayollarga etno-dizayn, apsaykling, tabiiy matolar bilan ishlashni o‘rgataman. Va har safar ular o‘z yo‘llarini qanday boshlayotganlarini ko‘rganimda, MARU tarixi ko‘pchilikning tarixiga aylanayotganini tushunaman.
Rejalarimiz — xalqaro bozorda brendni rivojlantirish, Markaziy Osiyo dizaynerlari va hunarmandlarini birlashtirish, ta’lim tashabbuslarini kuchaytirish. Shuningdek, o‘z-o‘zini rivojlantirish va o‘rganishga ko‘proq e’tibor qaratish — men hozir magistraturaga o‘qishga kiryapman.
Yangi tadbirkorlarga maslahatim — sizga chindan ham muhim bo‘lgan narsadan boshlang. Agar g‘oyangiz qalbingizdan kelib chiqsa va insonlarga hamda madaniyatga foyda keltirsa, demak, siz to‘g‘ri yo‘ldasiz. Qiyinchiliklar va tushunmovchiliklardan cho‘chimang. Muvaffaqiyat faqat natijagina emas, balki bizni kuchliroq qiladigan va boshqalarni ilhomlantiradigan jarayonning o‘zidir.
O‘z loyihasini ishga tushirish haqida o‘ylayotgan va moliyalashtirish izlayotganlar uchun esa ajoyib imkoniyat mavjud: Hamroh Uzum Market bilan birgalikda tadbirkor ayollar uchun grant dasturiga ariza qabul qilish muddatini uzaytiradi — 20 nafar g‘olib o‘z g‘oyalarini rivojlantirish uchun 50 mln so‘mdan oladi. Arizalarni 2025-yil 15-noyabrgacha ushbu havola orqali topshirish mumkin.
Reklama huquqlari asosida.
