O‘zbekistonda birinchi Burger King restoranlarini bir-bir yarim oydan so‘ng ochish rejalashtirilmoqda. Bu haqda International Beverages Tashkent ta’sischisi Shuhrat Ergashev O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Tez orada, oldin aytganimdek, Burger King kompaniyasini O‘zbekistonga olib kelamiz. Kompaniya O‘zbekistonga ishonch bildirdi. Kompaniyalar xorijiy bozorlarga chiqishdan avval, u yerlarda Burger King va McDonald’s borligini tekshiradilar. Bu biz O‘zbekistonga olib kelayotgan juda yirik global konglomeratdir. Bir oy yoki bir yarim oy ichida ular faoliyatini boshlaydilar. Yildan-yilga O‘zbekiston bo‘ylab restoranlar ochib boramiz”, — dedi tadbirkor.
Spot xabariga ko‘ra, Toshkentda uchta Burger King do‘koni ochilishi rejalashtirilgan: Tashkent City Mall, Seoul Mun va Beruniy (Alpomish muz saroyi yonida) metro bekati yaqinida.
Aprel oyida International Beverages Tashkent ta’sischisi Shuhrat Ergashev prezident huzuridagi yig‘ilishda O‘zbekistonda tez orada birinchi Burger King restoranlari ochilishini ma’lum qildi. Markaziy ofis Toshkentda joylashishi mumkin. Bundan tashqari, kompaniyalar litsenziyani butun Markaziy Osiyo uchun olishni taklif qildi.
Burger King O‘zbekistonda
2021-yilning iyul oyida Spot bir nechta manbalarga tayanib, Burger King O‘zbekiston bozoriga kirayotgani haqida xabar bergandi. Burger King Uzbekistan — franshiza. Franchayzer esa Moskva. Shuningdek, Burgerhouse allaqachon tashkil etilgan bo‘lib, o‘sha vaqtda xodimlarni ishga qabul qilish ham boshlangandi.
Restoranning ma’muriy-boshqaruv xodimlari (direktor va menejerlar) uchun treninglar Moskvada o‘tkazilishi kerak edi. Restoran direktori uchun ish o‘rinlari 2022-yilda Toshkentda ochilishi rejalashtirilgan edi. Lokatsiyalar bo‘yicha ma’lumotlar yopiqligicha qolgan.
Oktabr oyiga kelib, Burger King fudkortlari qayerda ochilishi ma’lum bo‘ldi. Unga ko‘ra, bu Bobur bog‘i, Ekobozor yonidagi Atlas majmuasi hamda Chilonzor 25-mavzeaida bo‘lishi kerak edi.
Avvalroq Koreyaning Mom’s Touch umumiy ovqatlanish tarmog‘i O‘zbekiston bozoriga kirayotgani haqida xabar berilgandi. Yil oxirigacha birinchi restoranni ochish rejalashtirilmoqda. Mamlakatda jami 60 tagacha shunday savdo nuqtasi faoliyat yuritadi.
International Beverages Tashkent O‘zbekistonda Pepsi, Mirinda, Mountain Dew, 7Up, Adrenaline Rush va Lipton ichimliklarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.
Burger King — gamburgerlarga (asosan, vopperlarga) ixtisoslashgan dunyodagi ikkinchi yirik tez ovqatlanish restoranlari tarmog‘i. 1954-yilda tashkil etilgan. Kompaniya restoranlariga har kuni 11 mlndan ortiq odam tashrif buyuradi.
