Latviya Litva va Belarus chegarasi yopilganidan so‘ng u yerda to‘xtab qolgan O‘zbekiston yuk transporti uchun yo‘lak tashkil etdi. Bu haqda Transport vazirligi maʼlum qildi.

Vazirlik Xalqaro avtomobil tashuvchilari ittifoqi (AIRCUZ) ko‘magida yo‘lak tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdi. O‘zbekistonning Latviya va Belarusdagi elchixonalari hamda mahalliy davlat organlari vakillari ishtirokida ishchi guruh tuzildi.

12-noyabrdan boshlab Belarusning Polotsk shahrida Latviya orqali tranzit o‘tish uchun ruxsatnomasi bo‘lmagan haydovchilarga ruxsatnoma blankalari berilishi yo‘lga qo‘yildi. 13-noyabr kuni Latviya va Litva chegarasida (Medumi — Zarasay chegara punkti) ruxsatnomalar berila boshlanadi.

Ruxsatnomalar Transport vazirligining E-Avto Ruxsatnoma tizimi orqali topshirilgan arizalar asosida taqdim etiladi. Jarayon 15-noyabrgacha davom etadi.

Birinchi navbatda blankalarni 29-noyabrgacha Litva-Belarus chegarasida yuk bilan turgan tashuvchilar oladi. O‘sha kuni Litva hukumati tranzit uchun ochiq qolgan so‘nggi punktlar — Medininkay va Shalchininkay chegara postlarini yopgan edi.

Ikkinchi navbatda blankalar Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 7-iyuldagi qaroriga muvofiq Latviyaning universal taqsimotida belgilangan hajmlar doirasida beriladi. Uchinchi navbatda esa ularni ko‘rsatilgan muddatlarda chegara o‘tish joylariga yangi kelgan tashuvchilar oladi.

17-noyabrdan boshlab Transport vazirligi E-Avto Ruxsatnoma orqali kelib tushgan arizalar asosida qolgan ruxsatnomalarni beradi.

Latviyadan tranzit hujjatlarini olish uchun tashuvchilar quyidagilarni taqdim etishlari kerak:

  • yuk mashinasining texnik pasporti;
  • transport vositasining litsenziya varaqasi (xalqaro avtomobil yuk tashuvlari uchun);
  • TIR-kitobchasi (mavjud bo‘lsa);
  • xalqaro tovar-transport yuk xati;
  • litsenziyalangan tashuvchining shtampi yoki muhri.

Transport vazirligi tranzit ruxsatnomasini olishga puxta tayyorgarlik ko‘rishni tavsiya etdi. Xususan, haydovchilar transport vositasi uchun cheklovlar yoki sanksiyalar yo‘qligini tekshirishlari lozim. Ruxsatnomalar uchinchi shaxsga berilganda, uzrsiz sabablarga ko‘ra yo‘qotilganda yoki 90 kunlik foydalanish muddati buzilganda berilmaydi.

Avvalroq Spot Rossiya va Qozog‘iston chegarasida yuk mashinalarining tirbandligi yuzaga kelayotgani haqida yozgandi.