Toshkent metropoliteni 2026-yilda yangi vagonlar partiyasini sotib olishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi poytaxt metropoliteni matbuot xizmati.

Metro ma’muriyati ijtimoiy tarmoqlardagi poyezdlar gavjumligi haqidagi xabarlarga e’tibor qaratdi. Yo‘lovchilar qatnovning eng gavjum paytlarida poyezdlar orasidagi uzoq tanaffuslardan shikoyat qilmoqdalar. Buning natijasida ular vagonlarda joy yo‘qligi sababli ketma-ket bir nechta poyezdni o‘tkazib yuborishga majbur bo‘lmoqdalar.

So‘nggi to‘rt yil ichida poytaxt metrosi 41 ta yangi tarkib sotib oldi, deya ta’kidladi matbuot xizmati. Buning natijasida bugungi kunda poyezdlarning umumiy soni 75 taga yetib, 2021-yildagi ko‘rsatkichdan ikki barobardan ziyod oshdi.

2026-yil davomida yana qo‘shimcha 56 dona zamonaviy metro vagonlarini harid qilish ko‘zda tutilgan. Buning natijasida tasarrufdagi harakat tarkiblarini yangilanishiga hamda yo‘nalishlarda poyezdlar oraliq intervalini qisqartirishga erishiladi.

Hozirda eng ko‘p poyezdlar Chilonzor yo‘nalishida harakatlanmoqda — tig‘iz soatlarda ularning soni 28 taga yetadi. Ular orasidagi intervallar 2021-yilga nisbatan besh daqiqadan 90 soniyagacha qisqardi, deya ta’kidladi metro ma’muriyati.

O‘zbekiston yo‘nalishida poyezdlar orasidagi vaqt ikki baravarga (6 daqiqadan 3 daqiqagacha), Yunusobod yo‘nalishida esa deyarli uch baravarga (11 daqiqadan 4 daqiqagacha) qisqardi.

Metroning halqa yo‘li qayta ishga tushirilgandan so‘ng, undagi intervallar 9 daqiqani tashkil etadi yoki birinchi marta ochilgandagiga qaraganda chorak qismga qisqaradi.


Avvalroq prezident Yangi Toshkent xalqaro aeroportiga metro liniyasi tortilishi haqida ma’lum qilgandi.