O‘zbekiston BP (British Petroleum) transmilliy neft-gaz kompaniyasi bilan Ustyurt platosidagi mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi bitimda ishtirok etish masalasida muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Report axborot agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Vazir ilgari asosan gaz qazib olingan Ustyurtda neft qazib olishni “mintaqadagi eng istiqbolli yo‘nalishlardan biri” deb atadi. Mavjud materiallar o‘rganib chiqilgach, SOCAR neft zaxiralarini qidirishga qiziqish bildirdi. Imzolangan MTTB doirasida operator tashkil etilgan va zarur shartnomaviy muzokaralarni o‘tkazishga kirishgan.

Energetika vazirligi, SOCAR va O‘zbekneftgaz ishlarni jadallashtirishni maqsad qilgan. Tomonlar 2025-yil oxiriga qadar 3000 pog‘onali kilometrdan ortiq hajmdagi seysmik qidiruv ishlarini boshlashni va natijalar asosida birinchi quduqni burg‘ilashni rejalashtirmoqda.

“Ulushlarni taqsimlash standart — 50% dan 50% gacha: davlat va investorlar. Investorlar sifatida SOCAR va O‘zbekneftgaz ishtirok etadi. Loyihaga dastlabki muzokaralar olib borilayotgan BP kompaniyasi qiziqish bildirgan. Barcha tijoriy shartlar — mahsulot taqsimoti, soliqqa tortish va boshqalar — kelishuvda qayd etilgan”, — dedi Mirzamahmudov.

Gazeta’ning yozishicha, BP va SOCAR “tarixan mustahkam munosabatlarga ega”. 1990-yillardan beri BP va uning hamkorlari Ozarbayjonda neft va gazni qidirish, qazib olish va tashish loyihalariga $87 mlrddan ortiq sarmoya kiritgan.

Ustyurt platosidagi loyiha

2024-yil avgust oyida O‘zbekneftgaz va SOCAR neft-gaz sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Ozarbayjon davlat kompaniyasi Ustyurt platosida geologiya-qidiruv ishlarini boshladi.

Joriy yilning 24-iyul kuni Ozarbayjon kompaniyasi bilan Ustyurt platosida mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi bitimni imzolandi. Loyiha doirasida seysmik va geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, shuningdek, uglevodorodlar qazib olish rejalashtirilgan.

Ozarbayjonning SOCAR kompaniyasi bilan Ustyurt platosi bo‘ylab mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi kelishuv O‘zbekistonga importni to‘liq qoplash va chorak asr davomida neftga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlash imkonini beradi. Qazib olingan gaz ichki bozorga yo‘naltiriladi, sanoat esa “arzon va sifatli neft mahsulotlari” bilan ta’minlanadi.

Uch bosqichda amalga oshiriladigan loyiha doirasida qariyb $2 mlrd sarmoya o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilgan. Rejalashtirilgan zaxiralar — 100 mln tonna neft va 35 mlrd kub metr tabiiy gaz. Ustyurt platosida yiliga 5 mln tonna neft qazib olish rejalashtirilgan — bu hozirgi importdan 2,5 baravar ko‘p.

Avgust oyida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev SOCAR O‘zbekistonda neft konini o‘zlashtirishga kirishganini ma’lum qilgandi. “Umid qilamizki, yaqin bir-ikki yil ichida biz yaxshi yangiliklarga ega bo‘lamiz. Barchamiz O‘zbekistonda yirik neft koni ochilishi haqidagi xabarni intiqlik bilan kutmoqdamiz”, — dedi u.

Sentabr oyida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston sanoati tarixida birinchi marta Ustyurt platosida 6,5 ming metr chuqurlikda “ulkan gaz zaxiralari” aniqlanganini e’lon qildi.

Avvalroq Spot Siemens Energy O‘zbekiston gaz transport tizimini elektrlashtirishi mumkinligi haqida yozgandi.