BYD Company Limited avtomobillari sanoat namunasi sifatida ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Avtomobil ishlab chiqaruvchisi vazirlikka o‘rta o‘lchamli krossover, to‘liq o‘lchamli krossover va furgon modellarini taqdim etdi. Gap mahsulotning tashqi ko‘rinishini ifodalovchi va estetik tarkibiy qismlarni himoya qilish uchun ishlatiladigan badiiy-konstruktorlik yechimlari namunalari haqida bormoqda.
Eʼlon qilingan eskizlardan angalishilicha, krossover tasvirlari BYD Seal 06 GT modeliga o‘xshash ko‘rinishga ega. Yuk tashish uchun mo‘ljallangan transport vositasi BYD e-Vali‘ni eslatadi, to‘liq o‘lchamli krossover esa Denza brendining premium subbrendiga mansub N9 modeliga o‘xshaydi.




Foto: t.me/adliyaimd; JustAnotherCarDesigner / Wikimedia Commons; MarcelX42 / Wikimedia Commons
Sanoat namunasi ro‘yxatdan o‘tkazilishi va qonuniy himoya qilinishi uchun ikkita asosiy mezonga javob berishi kerak. Jumladan, uning asosiy xususiyatlarining yig‘indisi ustuvorlik sanasidan (ariza topshirilgan sana) oldin ommaga ochiq manbalardan ma‘lum bo‘lmasligi lozim.
Shuningdek, dizaynning asosiy xususiyatlari uning noyob, ijodiy xususiyatini belgilashi kerak. Sanoat namunasi uchun patent uning egasiga (patent egasiga) dizayndan foydalanishning mutlaq huquqini beradi va boshqalarga uni ruxsatsiz nusxalash yoki undan foydalanishni taqiqlaydi.
Modellar haqida nimalar maʼlum?
BYD Seal 06 GT elektr krossoveri 2024-yil oktyabrda Chengduda o‘tkazilgan avtomobil ko‘rgazmasida taqdim etildi. Avtomobil bir va ikki elektr motorli variantlarda taklif etiladi va eng yuqori konfiguratsiyada bir zaryaddan 605 kilometrgacha masofa bosib o‘tishi mumkin.
Seal 06 GT o‘rnatilgan radar, 15,6 dyuymli multimedia ekrani, simsiz zaryadlash qurilmasi, shuningdek ovozli yordamchi bilan DiLink 100 aqlli boshqaruv tizimi bilan jihozlangan. Xitoyda mashinaning narxi 150 ming yuandan boshlanadi (Markaziy bank kursi bo‘yicha $21 150 yoki 253,32 mln so‘m).
Denza N9 taqdimoti 2024-yil noyabrda Guanchjouda bo‘lib o‘tdi va sotuvlar martda boshlandi. Olti o‘rinli krossoverning ikki versiyasi mavjud: 2 litrlik benzinli dvigatel va ikkita elektr motorli gibrid hamda to‘liq elektr motorli uch motorli variant.
Avtomobil bir zaryadda 1300 kilometrgacha masofa bosib o‘tishi mumkin. Sotuvlar boshlanishida narxlar 450 ming yuandan boshlangan ($62,1 ming yoki 759,96 mln so‘m).
BYD E-Vali ham 2024-yil kuzida taqdim etildi. Yuk mashinasi 5,8 va 7 metr uzunlikdagi ikki versiyada taklif etiladi, mos ravishda 700 kilogramm va 1,4 tonna yuk tashish qobiliyatiga ega. Sotuvlar shu yildan boshlanishi rejalashtirilgan edi.
BYD
Xitoyning BYD kompaniyasi bilan hamkorlikda ochilgan Jizzaxdagi elektromobil zavodida Chazor va Song Plus Champion kabi mashinalar ishlab chiqarilmoqda.
Kelgusi yillarda kompaniyada modellar qatorini kengaytirish rejalashtirilgan. Qiymati $300 mlnlik ikkinchi bosqich doirasida elektromobillar soni yiliga 200 ming donaga, uchinchi bosqichda 500 ming donagacha yetkaziladi.
Davlat rahbari xitoylik hamkorlar bilan kelishib, qo‘shimcha quvvatlarni qurish, elektromobillar uchun butlovchi va ehtiyot qismlarni izchil o‘zlashtirib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi. Kooperatsiya asosida mahalliy korxonalarga buyurtmalarni shakllantirish vazifasi qo‘yilgan.
Iyun oyida “BYD Uzbekistan Factory” bosh direktori Shafqatbek Alimov mahalliylashtirish natijasida mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar import qilinganidan arzonroq bo‘lishini ta’kidlagandi.
Undan keyin Ulug‘bek Rozuqulov O‘zbekistonda V, S va budjet avtomobillari segmentidagi avtomobillar ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvlar haqida qayd etdi. Iyul oyida “BYD Uzbekistan Factory” xitoylik hamkorlar bilan yangi modellarni chiqarishga kelishib oldi. Oradan ko‘p o‘tmay, mamlakatda ketma ket “BYD E2”, “Seagull” hamda “Yuan Up” elektromobilining rasmiy sotuvi boshlandi.
2024-yilning dekabr oyida Shavkat Mirziyoyev avtomobil sanoatida 2025-yil uchun ustuvor vazifalarga oid taqdimot bilan tanishib, BYD avtomobillarining 60 ta detalini mahalliylashtirish hisobiga tannarxni pasaytirish mumkinligini qayd etgandi. Kompaniya rahbariyati mamlakatdagi tarmoq korxonalari salohiyatini yuqori baholagan.
Spot, avvalroq, BYD 115 mingdan ortiq Tang va Yuan Pro seriyali avtomobillarni qaytarib olishi haqida yozgandi.




