O‘zbekiston va Qozog‘iston yangi transport yo‘laklarini yaratishga kelishib oldi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev raisligida Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini, ikki tomonlama salohiyatdan foydalanish yo‘llarini batafsil muhokama qildilar va O‘zbekiston-Qozog‘iston sherikligini kengaytirishga sezilarli turtki beradigan bir qator qarorlar qabul qildilar.
O‘zaro savdoning barqaror o‘sishini ta’minlash, uning tarkibini diversifikatsiya qilish va biznes uchun qulay sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratildi.
Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash $4 mlrdga yetgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bu ko‘rsatkichni 2030-yilgacha $10 mlrdga yetkazish maqsad qilingan.
Buning uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan, savdo va investitsiya bitimlarining salmoqli to‘plami shakllantirilgan, “O‘zKazTreyd” kompaniyasi ta’sis etilgan, ishbilarmon doiralar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik mexanizmlari yo‘lga qo‘yilgan.
Tashrif doirasida “Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi hamda $1,3 mlrdlik qator muhim loyihalar ishga tushiriladi.





Bundan tashqari, umumiy qiymati $8 mlrddan ziyod bo‘lgan, jumladan, kimyo, geologiya, infratuzilma, logistika, agrosanoat va ko‘plab boshqa sohalardagi loyihalarni o‘z ichiga olgan keng ko‘lamli Sanoat kooperatsiyasi dasturi tayyorlandi.
Transport va logistika sohasida tizimli sheriklik ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi. Yangi transport yo‘laklarini, shu jumladan, Uchquduq-Qizilo‘rda yo‘nalishini yaratish, Aqtau, Quriq va Xorgos portlarida yuk tashishni rag‘batlantirish bo‘yicha birgalikda ishlash zarurligi qayd etildi.
Energiya resurslarini tashish va qayta ishlash, energiyani tejash, “yashil” texnologiyalar hamda axborot texnologiyalarini joriy qilish sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga tayyorlik bildirildi.
Suv-ekologiya sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘riladi.
Fan va ta’lim muassasalari, yoshlar tashkilotlari o‘rtasidagi almashinuvlarni davom ettirish, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi qo‘shma dasturlarni kengaytirishga kelishib olindi.
Qo‘shma sayyohlik yo‘nalishlarini ishlab chiqish, O‘zbekiston va Qozog‘istonning tarixiy qadamjolari, boy madaniy va ma’naviy merosini ommalashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Avvalroq O‘zbekiston va Qozog‘iston $8 mlrdlik sanoat loyihalari uchun investitsiya platformasini ishga tushirishi haqida xabar berilgandi.




