O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida talab va taklif muvozanatga yaqinlashmoqda. Bu haqda Markaziy bankning 2025-yilning olti oyi yakunlari bo‘yicha moliyaviy barqarorlik sharhida ma’lum qilindi.

Ikkinchi chorakda uy-joylarning bozor va asosiy narxlari o‘rtasidagi tafovut yil boshidagi 17% ga nisbatan 4% gacha kamaydi. Agar bir kvadrat metrning asosiy narxi 9,1 mln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, bozor narxi taxminan 9,4 mln so‘mga teng bo‘ldi.

Markaziy bank iqtisodchilari spekulyativ talab qisqarishi bilan uy-joy bozorida taklif sezilarli darajada oshganini ta’kidlamoqda. Natijada aholining ko‘chmas mulk sohasidagi xarid qobiliyati pasayishdan to‘xtadi.

Birinchi yarim yillikda bajarilgan qurilish ishlari hajmi 137,6 trln so‘mni yoki mamlakat yalpi ichki mahsulotining 17% ini tashkil etib, 2024-yilning shu davriga nisbatan 72% o‘sishni ko‘rsatdi. Shu bilan birga, qurilish-montaj ishlari sohasida narxlarning o‘sish sur’ati 6,3% ga oshdi.

Ijara stavkalari o‘sishining sekinlashishi spekulyativ talabning pasayishini ko‘rsatadi. Iyun oyi oxirida yillik o‘sish sur’ati 12%ni tashkil etdi, bu ko‘chmas mulkning investitsion jozibadorligi pasayganidan dalolat beradi.

Iyul oyi boshida ko‘chmas mulkning o‘rtacha narxlari aholi jon boshiga YIMning 22%ini tashkil etdi — bu o‘tgan yilga nisbatan 4 foizga kam. Qurilishning ko‘payishi fonida milliy valyutadagi narxlar 4,9% ga, dollarga qayta hisoblanganda esa yanada sezilarli pasayish kuzatildi — 6,2%.

O‘zbekistonda 2021-yildan beri birinchi marta maoshlar uy-joy narxlaridan tezroq oshdi. Birinchi yarim yillikda o‘rtacha nominal ish haqi 17% ga oshdi, ko‘chmas mulk narxining ish haqiga nisbatan o‘sish indeksi esa manfiy darajagacha (-0,3) pasaydi.

Shu bilan birga, ko‘chmas mulk bozorida katta talab saqlanib qolmoqda, bu o‘z uy-joyiga ega bo‘lmagan 157,3 ming oilaning mavjudligi bilan bog‘liq. Yarim yil ichida 177,5 mingta yoki o‘tgan yilga nisbatan 11% ga ko‘p ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari rasmiylashtirildi, har oltinchi xaridor (31,6 ming) ipoteka oldi.

2024-yil bahoridan beri ipoteka kreditlarining o‘rtacha miqdori 300 mln so‘m atrofida biroz o‘zgarib turibdi. Shu bilan birga, ularning shartlari biroz yumshatildi — bir yil ichida o‘rtacha stavka 0,4% ga (19,2% gacha) pasaydi, muddat esa yarim yilga (17,2 yilgacha) uzaytirildi.


Avvalroq Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sentabrda Toshkentda uy-joy ijara narxi oshgani haqida xabar bergandi.