Shavkat Mirziyoyev raisligida 16-noyabr kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Sammitda Ozarbayjon, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston prezidentlari, shuningdek, BMTning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari ishtirok etdi.
O‘zbekiston yetakchisi mintaqaviy hamkorlikni yana-da mustahkamlash bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi. Shavkat Mirziyoyev savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqish vazifasi ustuvor ekani, bu o‘rta muddatli istiqbolda o‘zaro savdo va umumiy tashqi savdo aylanmasi hajmini 1,5−2 barobar oshirish imkonini berishini ko‘rsatib o‘tdi.
Ma‘muriy to‘siqlarni bartaraf etish, soliq va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, erkin iqtisodiy va sanoat zonalaridan birgalikda foydalanish muhimligi ta‘kidlandi.
“Bizning nuqtayi nazarimizda, yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan barcha masalalarni qamrab oladigan, savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha 2035-yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan keng qamrovli mintaqaviy dasturni ishlab chiqish va qabul qilish savdo hajmlarini sezilarli darajada oshirish uchun qulay sharoit yaratish imkonini beradi”, — dedi davlat rahbari.
Bundan tashqari, mintaqada yagona investitsiya muhitini shakllantirish uchun Umumiy investitsiya makoni to‘g‘risidagi deklaratsiyani qabul qilish zarurligi qayd etildi. Sohadagi yondashuvlarni uyg‘unlashtirish, virtual savdo maydonchalari va ishonchli raqamli to‘lov tizimlarini yaratishga qaratilgan Elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.



Mintaqaning yuqori texnologik infratuzilmasi va transport-logistika salohiyatini birgalikda rivojlantirish mintaqa kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega ekani alohida ta‘kidlandi.
“Elektr stansiyalari va uzatish tarmoqlari, avtomobil va temir yo‘llar, chegara orqali o‘tkazish punktlari, „yashil yo‘laklar“, optik-tolali liniyalar va boshqa obyektlarni qurish va modernizatsiya qilish bo‘yicha strategik ahamiyatga ega bo‘lgan umummintaqaviy loyihalarni amalga oshirish uchun sa‘y-harakatlarimizni birlashtirishni taklif etamiz”, — dedi mamlakat yetakchisi.
“Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston” temir yo‘li va Transafg‘on transport yo‘lagi qurilishi mintaqalararo transport bog‘liqligining ustuvor loyihalari sifatida qayd etildi. Hududni Yevropa davlatlari bilan bog‘laydigan Transkaspiy yo‘nalishlari katta imkoniyatlarga ega ekaniga e‘tibor qaratildi. Ushbu yo‘nalishlardagi ishlarni muvofiqlashtirish uchun bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida Infratuzilmani rivojlantirish kengashini tuzish taklif qilindi.
Mintaqa mamlakatlari uchun ekologiya, iqlim va suv resurslari taqchilligi masalalari tobora dolzarb bo‘lib borayotgani sharoitida Markaziy Osiyoning “yashil” taraqqiyot konsepsiyasini tez fursatda qabul qilish muhimligi qayd etildi.
Mintaqada suv tanqisligi ortib borayotganini hisobga olib, 2026−2036-yillarni “Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligi” deb e‘lon qilish taklif etildi.
Qo‘shni Afg‘onistonni Amudaryo havzasi suv resurslaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha mintaqaviy muloqotga faol jalb qilish maqsadga muvofiqligi ta‘kidlandi.
Suv xo‘jaligi sohasida kadrlarni professional tayyorlashga sarmoya kiritish maqsadida O‘zbekiston prezidenti Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti negizida Suv xo‘jaligi sohasidagi mintaqaviy vakolatlar markazini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.
Davlat rahbari kelgusi yili O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan suvni tejash bo‘yicha Butunjahon forumida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Ilmiy-ta‘lim kooperatsiyasi doirasida davlatlararo loyihalarni moliyalashtirish, akademik hamjamiyatni rag‘batlantirish va sun‘iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish imkoniyatlarini kengaytirish uchun Ilmiy tadqiqotlar fondini tashkil etish taklif qilindi.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston va Qozog‘iston yangi transport yo‘laklarini yaratishga kelishib olgani haqida yozgandi.



