O‘zbekistonning 2024-yildagi yalpi ichki mahsuloti qayta hisoblangach, $121 mlrddan oshdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

17-noyabr kuni Toshkentda tashkil etilgan xalqaro konferensiya va matbuot anjumanida Milliy statistika qo‘mitasi raisi Behzod Hamrayev yangi aniqlangan hajmlarni aks ettirish maqsadida YIMni qayta hisoblash natijalari borasida ma’lumot berdi.

Yakuniy hisob-kitoblarga ko‘ra, 2024-yil yakuni bilan mamlakat yalpi ichki mahsulotining nominal hajmi amaldagi 1 454,6 trln so‘mdan 1 535,4 trln so‘m (80,9 trln so‘m) ga yoki 5,6% ga ortdi. YIM AQSH dollari hisobida $115 mlrddan $121,4 mlrdga yetdi.

Shuningdek, qayta hisoblashdan so‘ng, o‘tgan yilda aholi jon boshiga YIM hajmi 41,3 mln so‘mni tashkil etdi. Davlat budjeti ijrosining to‘liq qamrovi ta’minlanishi natijasida 36,4 trln so‘m yangi qo‘shilgan qiymat aniqlandi.

Sanoat sohasi bo‘yicha o‘tgan yil uchun qo‘shilgan qiymat hajmi 12,7 trln so‘mga oshdi. Qishloq xo‘jaligida 5,6 trln so‘m, qurilishda 10,3 trln so‘m va xizmatlar sohasida 16,3 trln so‘m miqdorida yalpi qo‘shilgan qiymat qo‘shimcha hisoblandi.

Yanvar-sentabr oylari yakunlariga ko‘ra, mamlakatning yalpi ichki mahsuloti hajmi 1,3 kvadrillion so‘m ($108,73 mlrd) dan ortiqni, real o‘sish sur’ati esa 7,6% ni tashkil etdi. O‘sish sur’ati 2021-yildan beri eng yuqori darajada qolmoqda.

Joriy yil yakuni bilan O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti hajmi $135 mlrdga yetishi kutilmoqda. Prezident hukumatga yil oxirigacha iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlarini — 7% darajasida saqlab qolish bo‘yicha topshiriq berdi.

Avvalroq Spot O‘zbekiston iqtisodiyoti 2028-yilgacha qanday rivojlanishi haqida yozgandi.