So‘nggi paytlarda Toshkentda tashqi reklama bo‘yicha reydlar o‘tkazilmoqda, nazorat tadbirlari doirasida tadbirkorlarga savdo nuqtalari va umumiy ovqatlanish joylaridagi peshlavhalarni ixtiyoriy ravishda olib tashlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berilmoqda. Shuningdek, poytaxtda avtomobillardagi tashqi reklamalarni tekshirish ishlari faol olib borilmoqda.

Spot Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamentining “Tashqi reklama” loyiha ofisi rahbari Shahriyor Shoazizov bilan noqonuniy reklamaga qarshi reydlar, peshlavhalarni demontaj qilish va avtomobillardagi reklamalar nazorati borasida suhbatlashdi.

Reydlar kecha boshlangani yo‘q

Shahriyor Shoazizovning aytishicha, tashqi reklama bozorini tartibga soluvchi asosiy hujjatlar Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 21-fevraldagi (VMQ-104) va 2023-yil 31-avgustdagi (VMQ-428) qarorlari hisoblanadi. Mazkur hujjatlar asosida poytaxt hokimiyati besh yil oldin reydlar o‘tkazishni boshlagan.

Toshkent shahar hokimligi bosqichma-bosqich harakat qilishga qaror qildi — yirik reklama konstruksiyalaridan tortib kichiklarigacha. Birinchi bosqichda yo‘llar bo‘ylab o‘rnatilgan reklama bilbordlari o‘rganildi, atigi ikki yil ichida ularning 2−3 mingga yaqini demontaj qilindi. Undan keyin navbat turar-joy binolarining tomlari va fasadlaridagi reklamalarga (brandmauer) keldi. Joriy yilning o‘rtalarida avtomobillardagi peshlavhalar va tashqi reklamalar bo‘yicha nazorat ishlari boshlandi.

Shoazizovning ta’kidlashicha, hozirda shahar hokimiyati bir vaqtning o‘zida to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha ish olib bormoqda: yer uchastkalari, xususiy binolar fasadlari, transport vositalari va tashqi reklama. Asosiy maqsad — poytaxtning tashqi qiyofasini yaxshilash.

Peshlavhalar

Raqamli rivojlanish departamenti joriy yilning o‘rtalaridan boshlab peshlavhalar bo‘yicha reydlar o‘tkazishni boshladi. Nazorat tadbirining birinchi bosqichiga poytaxtning faqat markaziy ko‘chalari, jumladan, Maxtumquli, Buyuk Ipak yo‘li, Shota Rustaveli va Toshkent Shimoliy temir yo‘l vokzalidan Amir Temur xiyobonigacha bo‘lgan ko‘chalar qamrab olindi. Xususan, peshlavhalar demontaji 8 ta tumanda amalga oshirildi: Olmazor, Yashnobod, Mirobod, Yakkasaroy, Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor, Sergeli va Shayxontohur.

Umuman, butun shahar bo‘ylab 2 mingdan ortiq peshlavhalar olib tashlangan. Birgina Buyuk Ipak Yo‘li ko‘chasidagi binolar mulkdorlari ixtiyoriy ravishda 200 ta peshlavhani olib tashladi.

noqonuniy reklama, tashqi reklama, toshkent shahar hokimligi, toshkent shahri, reydlar

Foto: Dinora Erkenova / Spot

“Tashqi reklama” loyiha ofisi rahbari tadbirkorlarga qonunchilikka zid bo‘lgan peshlavhani olib tashlash bo‘yicha ko‘rsatma berilayotganini tushuntirdi. Ularga ushbu talabni ixtiyoriy ravishda bajarish uchun muddat beriladi.

Rad etilgan taqdirda, reklama bozorini tartibga soluvchi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tashqi reklama va axborotni joylashtirish tartibini buzganlik uchun BHMning 50 baravari (20,6 mln so‘m) miqdorida jarima solishi mumkin.

Shahar hokimligi xodimlari tomonidan tadbirkorlarga qoidabuzarliklar bilan o‘rnatilgan tashqi reklama obyektlari bo‘yicha jami 5,5 mingta ogohlantirish berilgan.

Reklama huquqi asosida

“Reklama to‘g‘risida"gi qonun reklama xususiyatidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olmagan peshlavhalar va ko‘rsatkichlar axborotiga nisbatan tatbiq etilmaydi. VMQ-104'ga muvofiq, hajmi 1 kv.metrgacha bo‘lgan peshlavhalar tashqi reklama obyekti hisoblanmaydi, ularning o‘lchami esa binoning mazkur peshlavha o‘rnatiladigan tomoni maydonining 5%idan oshmasligi kerak.

Shuningdek, hujjatda kompaniya haqidagi ma’lumotlarni iste’molchining e’tiboriga yetkazish uchun mo‘ljallangan axborot peshlavhalari ham ko‘zda tutilgan. Ularda faqat korxonaning qayd etilgan (yuridik) nomlanishi, uning joylashgan joyi va korxonaning ish tartibi ko‘rsatilishi mumkin.

Axborot peshlavhalari binoning devorida korxonaga kirish joyi yonida yoki kirish eshigida tashrif buyuruvchilarga qulay tarzda joylashtirilishi mumkin. Ularning o‘lchami ham 1 kv.metrdan oshmasligi kerak.

VMQ-428-son qaroriga ko‘ra, yuridik yoki jismoniy shaxs tomonidan boshqa yuridik va jismoniy shaxslar hamda jamoatchilik e’tiborini jalb qilish maqsadida joylashtirilgan, reklama tusiga ega bo‘lmagan, umumiy maydoni 1 kv.metrdan ko‘p bo‘lgan e’lonlar tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) sifatida e’tirof etiladi hamda ular uchun belgilangan tartibda reklama joyining pasporti rasmiylashtiriladi.

Shahriyor Shoazizovning so‘zlariga ko‘ra, yonma-yon joylashgan kompaniyalar o‘zaro raqobatlasha boshlaydi va o‘z peshlavhalarini qo‘shnilarnikidan kattaroq qilishga urinadi. Bu esa, oqibatda qonun buzilishiga olib kelmoqda.

Foto: Toshkent shahar hokimligi

Xususiy yer uchastkalari, binolar, inshootlar va transport vositalarida (yo‘nalishli avtobuslardan tashqari) tashqi reklamani joylashtirish huquqini beruvchi reklama joyining pasporti YIDXP (my.gov.uz) orqali beriladi. Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi va viloyatlar hokimlari tashqi reklama reklama joyining pasportini rasmiylashtirish va berish bo‘yicha vakolatli mansabdor shaxsni belgilashi kerak.

Toshkent shahar hokimligi barcha tashqi reklama obyektlari binolarning tashqi me’moriy ko‘rinishiga mos kelishi kerakligini ta’kidlamoqda. O‘z navbatida, VMQ-104'da “tashqi reklama obyektlarini va axborot ma’lumotlarini o‘rnatish binolarning me’moriy elementlariga, me’moriy yechimlariga, shaharsozlik va ushbu binolarning mulkdorlariga ziyon yetkazmasdan amalga oshirilishi, ularning barcha huquq va qonuniy manfaatlarini buzmasligi, aholining to‘laqonli yashash muhiti, tarixiy va madaniy merosi va me’moriy landshaftini saqlash va shakllantirishga hissa qo‘shishi kerak"ligi keltirilgan.

Tashqi reklama obyektlarini joylashtirish narxi xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 2024-yil 1-maydagi qarori bilan tasdiqlangan tariflardan kelib chiqib hisoblanadi. Joylashuviga qarab jami beshta tarif amal qiladi. 1 kv.metrning minimal qiymati oyiga BHMning 15%ini (61,8 ming so‘m) tashkil etadi.

Bundan tashqari, reklama obyektlari davlat tili talablariga muvofiqligi tekshiriladi. Qonunchilikka ko‘ra, O‘zbekiston hududida reklama davlat tilida tarqatilishi kerak. O‘z navbatida, tashqi reklamaning boshqa tillardagi yozuvi davlat tilidagi matnning pastki qismida gorizontal ravishda joylashtirilishi kerak, bunda u reklamaning umumiy maydonining 40%idan oshmasligi kerak.

Uy tomlari va avtomobillardagi reklamalar

Toshkent shahar hokimligi Raqamli rivojlanish departamenti vakilining aytishicha, turar-joy binolari tomlaridagi reklama konstruksiyalarini demontaj qilish ishlari davom etmoqda. Hammasi bo‘lib 250 ta noqonuniy obyekt aniqlangan hamda shundan 100 tasi demontaj qilingan. Qolgan 150 ta inshoot bo‘yicha ishlar davom etmoqda, ularni bir oy ichida yakunlash rejalashtirilgan.

Shahriyor Shoazizov tushuntirishicha, boshqaruv kompaniyalari yoki uy-joy mulkdorlari shirkatlari tashqi reklama operatorlari bilan shartnoma tuzib, reklama konstruksiyalarini o‘rnatish uchun uy tomidan joy ajratib beradi. Biroq, bu jarayon reklama joyi pasportini rasmiylashtirishsiz amalga oshirilgani bois, bunday obyektlar noqonuniy hisoblanadi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi

Bundan tashqari, poytaxt ma’muriyati vakillari, Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi va Raqobat qo‘mitasi xodimlari bir hafta ichida reklama bo‘yicha nazorat tadbirlarida 470 ta avtomobilni tekshirdi. 390 ta avtomashinaning reklama joyi pasporti mavjud emasligi aniqlandi. Natijada, qoidabuzarlar ogohlantirilib, yana bir avtomobil jarima maydoniga joylashtirildi.

Reydlar natijasida Yagona portal orqali avtotransport vositalari bo‘yicha reklama joyi pasportini rasmiylashtirish uchun 1200 ga yaqin ariza kelib tushdi. “Tashqi reklama” loyiha ofisi rahbarining qo‘shimcha qilishicha, agar ariza rad etilsa, uni 5 kun ichida yana bepul yuborish mumkin.

Foto: Toshkent shahar hokimligi

Avvalroq Spot Toshkentda avtomobillardagi noqonuniy reklamalarga qarshi reydlar doimiy davom etishi haqida yozgandi.