17-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov kengaytirilgan tarkibda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston-Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yana-da kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Savdo, transport, energetika, suv xo‘jaligi va boshqa muhim sohalarda amalga oshirilgan ishlarga yuqori baho berildi.
Keyingi yillarda o‘zaro savdo hajmi ikki baravarga ko‘payib, $1 mlrddan oshdi. Mahsulotlar turini kengaytirish va erkin savdo rejimidan samarali foydalanish orqali bu ko‘rsatkichni $2 mlrdga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi ta‘kidlandi.
Shovot-Toshhovuz chegaraoldi savdo zonasining ishga tushirilishi ham tovar ayirboshlashni ko‘paytirishga xizmat qilishi aytildi.
Ushbu tajribani boshqa manzillarda, birinchi navbatda, Buxoro viloyatidagi Olot hamda Turkmanistonning Lebap viloyatidagi Farab chegara hududida qo‘llash bo‘yicha kelishuvga erishildi.





Sanoat kooperatsiyasini kengaytirish maqsadida qurilish materiallari, farmatsevtika, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa talab yuqori bo‘lgan tovarlar ishlab chiqarishga qaratilgan yangi loyihalarga biznesni faol jalb qilish muhimligi ta‘kidlandi.
Energetika sohasida yanada kengroq loyihalarga o‘tish, shu jumladan, istiqbolli konlarni birgalikda o‘zlashtirishga kelishib olindi. Transport sohasida yuk tashish hajmi o‘sib bormoqda, bojxona-logistika tartiblari soddalashtirilmoqda.
Tomonlar Turkmanboshi portini birgalikda rivojlantirish va poytaxtlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni qayta tiklashga kelishib oldi.
Erishilgan kelishuvlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta‘minlash uchun yil oxirigacha Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishlari o‘tkaziladi. Sog‘liqni saqlash va tibbiyot fani borasidagi almashinuvlar faollashadi.
Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari erishilgan barcha kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha keng qamrovli “yo‘l xaritasi"ni qabul qilish yuzasidan mas‘ullarga topshiriq berdi.
Avgust oyida transport vaziri Ilhom Mahkamov O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni qayta yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishilganini aytgandi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Turkmaniston chegaraoldi savdo zonasini tez orada ishga tushirishga kelishib olgani aytilgandi.
Spot, avvalroq, Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyoda umumiy investitsiya makonini yaratishni taklif qilgani haqida yozgandi.





