O‘zbekiston 2026-yilda ham Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berishni davom ettiradi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

17-noyabr kuni Toshkentda vazir Jo‘rabek Mirzamahmudov va Afg‘onistonning DABS kompaniyasi bosh direktori Abdul Bori Umar boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston energetika kompaniyalari rahbariyati va mas’ullari ham ishtirok etgan muloqotda Afg‘oniston hududida qurilayotgan yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va podstansiyalarining joriy holati hamda bu ishlarni tezlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv so‘nggida tomonlar 2026-yil uchun elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha tegishli shartnomani imzoladi.

O‘zbekiston tomonidan shartnomani O‘zenergosotish davlat kompaniyasi boshqaruvi raisi Jahongir Obidjonov imzoladi.

O‘zbekiston Afg‘onistonga 2002-yildan beri elektr energiyasi yetkazib beradi. 2024-yilning dekabr oyida DABS va O‘zenergosotish elektr energiyasi eksporti bo‘yicha shartnomani 2025-yil uchun uzaytirgandi.

Joriy yilning avgustida O‘zbekiston va Afg‘oniston energetika sohasida $243 mlnlik to‘rtta shartnoma imzoladi. Uning doirasida O‘zbekiston 1 GVt elektr energiyasini eksport qiladi. Buning uchun esa Afg‘onistonda 800 va 1000 MVt quvvatga ega ikkita yangi elektr uzatish tarmog‘i hamda ikkita podstansiya quriladi.

Sentabr oyida O‘zbekiston Afg‘onistonning DABS energetika kompaniyasi bilan 2027-yil boshigacha loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha moliyaviy kelishuv imzoladi. Xususan, Afg‘onistonda 220−500 kV kuchlanishli yangi elektr uzatish tarmoqlari va podstansiyalar qurilishini $250 mlnga moliyalashtirish rejalashtirilgan.

500 kV kuchlanishli Surxon — Puli-Xumri elektr uzatish tarmog‘ini qurish, Dashti-Alvan va Argandi podstansiyalarini kengaytirish, shuningdek, 220 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘ini Shayx Mesri podstansiyasigacha uzaytirish va uni modernizatsiya qilish shular jumlasidandir. Natijada Afg‘oniston O‘zbekistondan 1 GVt elektr energiyasini import qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Oktabr oyida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 500 kV quvvatli Puli-Xumri elektr uzatish liniyasi tarmog‘i tugallangach, O‘zbekiston Afg‘onistonga elektr energiyasi eksportini bir necha barobarga oshirishi mumkinligini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, tomonlar ushbu tarmoq qurilishini 18 oy ichida yakunlash niyatida.

Avvalroq Spot Qirg‘izistonda barcha mayning fermalar qish oxirigacha o‘chirilgani haqida yozgandi.