O‘zbekistonning Qozog‘iston bilan chegarasida joylashgan G‘ishtko‘prik (Chernyayevka) chegara bojxona postida avtomobillar uchun yashil va qizil yo‘laklar tashkil etiladi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi xabar berdi.

17-noyabr kuni qo‘mita raisi Akmalxo‘ja Mavlonov qurilish ishlari davom etayotgan G‘ishtko‘prik chegara bojxona postini ko‘zdan kechirdi.

“Endilikda 9 gektar maydonni qamrab olgan mazkur obyekt shunchaki raqamlashgan post emas, balki intellektual bojxona posti sifatida qayta namoyon bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.

Ilgari fuqarolar uchun amal qilgan ikki yo‘lakli — yashil va qizil yo‘lak tizimi endi yengil avtomobillar uchun ham joriy etiladi. Buning uchun aynan ushbu nazorat-o‘tkazish punktida Markaziy Osiyoda birinchi bor yengil transport vositalarini tekshirish uchun Z portal skaner inspeksion-ko‘rik majmuasi o‘rnatildi.

Postda navbatlarning oldini olish maqsadida 16 ta avtomobil yo‘lagi barpo etildi, avtobuslar ham alohida yo‘laklarda harakatlanadi.

Natijada post orqali kuniga 1500 dan ortiq avtotransport va 50 mingdan ziyod yo‘lovchilar bemalol o‘tishi mumkin bo‘ladi.

Joriy yilning 1-sentabridan G‘ishtko‘prik, Zangiota va Dovut ota chegara o‘tkazish punktlarida avtotransport vositalari uchun yashil va qizil — ikki yo‘lakli tizim ishga tushirilishi belgilangandi.

Avgustda Navoiy chegara postiga yengil avtomashinalarni skaner qiluvchi inspeksion ko‘rik majmuasi — Z portal qurilmasi o‘rnatildi. 2025-yilda bu kabi qurilmalarni Sirdaryo va Dovut ota chegara bojxona postlarida ham o‘rnatish rejalashtirilmoqda.

G‘ishtko‘prik nazorat-o‘tkazish punkti 5-fevraldan boshlab atigi to‘rt oy davom etishi mo‘ljallangan taʼmirlash ishlari uchun yopilgan edi. Postda binolarni vaqtincha demontaj qilish, hududni obodonlashtirish, atrofdagi hududda infratuzilmani yaratish rejalashtirilgandi.

Taʼmirlash ishlarining kechikish sabablari haqida maʼlumot berilmadi. Iyun oyida ham G‘ishtko‘prik postida pardozlash va obodonlashtirish ishlari davom etdi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda telefon importi to‘qqiz oyda $370 mlndan oshgani haqida yozgandi.