O‘zbekistonga yanvar-sentabr oylarida 3,21 mln dona mobil telefon olib kirildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.

Qurilmalarning umumiy qiymati $370,8 mlnni tashkil etdi. Uchinchi chorakda yetkazib berish sezilarli darajada faollashdi — o‘zbekistonliklar oldingi yarim yildagi 1,88 mln donaga nisbatan $176,4 mln qiymatidagi 1,33 mln dona telefon import qildi.

2024-yilning shu davriga nisbatan import 219,9 mingtaga yoki 7,4% ga oshgan.

Xitoy O‘zbekistonga mobil telefonlarni yetkazib berishda yetakchilik qilmoqda — yil boshidan beri 2,488 mln dona yoki umumiy sonning 77,5%i keltirildi. Birgina uchinchi chorakda import 1,06 mln qurilmani (79,7%) tashkil etdi.

Ikkinchi o‘rinda Vetnam turibdi, u allaqachon o‘tgan yilgi ko‘rsatkichini oshirib yubordi — 619,2 ming qurilma yoki umumiy sonning 19,3%i. Iyuldan sentabrgacha o‘zbekistonliklar 244,1 ming dona Vetnam ishlab chiqargan qurilmalarni import qildi.

Yetakchilar uchligini 65,3 ming dona olib kirilgan telefon (2%) bilan BAA yakunlayapti. Uchinchi chorakda Amirliklardan rasmiy yetkazib berish keskin qisqardi — uch oy ichida atigi 1,1 ming qurilma keltirildi.

Hindiston 31,85 ming qurilma jo‘natdi va bozor ulushining 0,99% ini egalladi. Uchinchi chorakda 15,4 ming telefon olib kirildi — bu oldingi yarim yildagiga deyarli teng. Yana 4,8 ming telefon Janubiy Koreyadan kelgan bo‘lsa, boshqa mamlakatlarga jami 2,2 ming to‘g‘ri keldi.

2024-yilda rasmiy import hajmi 4,2 mln telefonni tashkil etdi, bu 2023-yilga nisbatan deyarli chorak baravar ko‘p. Vyetnamdan yetkazib berish ikki barobardan ziyodga, Hindistondan esa uch barobarga oshdi.


Avvalroq Spot iPhone 17‘ni O‘zbekistonga olib kirish qanchaga tushishi haqida yozgandi.