Bino va inshootlarning zilzilabardoshligi oshiriladi. Bu haqda hukumatning tegishli qarori qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, 2025-yil 1-dekabrdan zilzilalar kuchini ko‘rsatib beruvchi mintaqaviy akselerogrammalar bazalaridan kelib chiqib loyihalashtirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

2027-yil 1-oktabrga qadar MSK-64 shkalasi bo‘yicha 8 va undan yuqori balli seysmik faol zonalarda maxsus seysmik himoyalash uskunalari yordamida loyihalashtirishga ustuvorlik beriladigan obyektlar turlari tasdiqlanadi.

2026-yil 1-fevraldan hukumat qarori asosida (603-son) beriladigan zilzilabardoshlik bo‘yicha ilmiy xulosa uchun undiriladigan to‘lov miqdori 50% ga qisqartiriladi.

Bir xil seriyali obyektlarga ilmiy xulosalar faqat 1 martalik to‘lov asosida beriladi, qolgan shu turdagi obyektlarning loyihalariga ilmiy xulosa berish uchun to‘lov undirilmaydi.

Zilzilabardoshlik bo‘yicha ilmiy xulosalar berish “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimiga integratsiya qilinadi.

Joriy yilning may oyida O‘zbekistonda yaponiyalik mutaxassislar ishtirokida seysmik xavfning oldini olish hamda xatarni baholash bo‘yicha choralar ishlab chiqilishi haqida xabar berilgandi.

Iyun oyida prezident poytaxtda rejalashtirilgan qurilish va jamoat transporti loyihalari taqdimoti bilan tanishgan chog‘ida ko‘p qavatli binolarning zilzilaga bardoshliligi 9 balldan kam bo‘lmasligi belgilanayotgani aytilgandi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda sunʼiy intellekt asosida zilzilalarni oldindan prognoz qilish tizimi joriy etilishi haqida yozgandi.