Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi sifatida qayta tashkil etiladi. Bu haqda prezidentning tegishli farmoni qabul qilindi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Vazirlar Mahkamasi tizimidan chiqarilib, uning negizida amaldagi shtat birliklari saqlangan holda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tashkil qilinadi.

Ekologiya qo‘mitasi atrof-muhitni muhofaza qilish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish, o‘rmonlarni ko‘paytirish, global iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va cho‘llanishga qarshi kurashish sohalarida vakolatli organ hisoblanadi.

Prezident administratsiyasi tashkiliy tuzilmasida 2 ta shtat birligidan iborat prezidentning ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmasi tashkil etiladi.

O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi, Gidrometeorologiya xizmati agentligi hamda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi o‘z faoliyatini Ekologiya qo‘mitasi huzurida davom ettiradi.

Ekologiya vazirligining asosiy vazifalaridan tashqari, Ekologiya qo‘mitasi bir qator loyihalarni amalga oshirish uchun mas‘ul hisoblanadi. Jumladan:

  • chiqindilarni qayta ishlash va ular bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan “Chiqindidan holi hudud”;
  • atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo”;
  • 2028-yilga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida qo‘shimcha ravishda jami maydoni 100 gektardan kam bo‘lmagan botanika va dendrologiya bog‘larini tashkil qilishga qaratilgan “Yashil makon”;
  • aholi orasida eko-odatlarni shakllantirish va ekologik hayot tarzini keng targ‘ib qilishga qaratilgan “Eko-madaniyat”;
  • bioxilma-xillikni kelajak avlod uchun asrashga qaratilgan “Bio meros” umummilliy loyihalari.

Ekologiya qo‘mitasi huzurida 15 nafargacha xorijiy va mahalliy ekspertlarni fuqaroviy-huquqiy shartnomalar asosida jalb qilgan holda ekologiya sohasidagi “Ekoloyihalar fabrikasi” tashkil etiladi.

2026-yil 1-apreldan ekologiya sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash tartibi joriy etiladi. Bunda moliyaviy sanksiyalar pul undirish (jarimalar) tarzida faqat yuridik shaxslarga qo‘llanadi.

Bir xil huquqbuzarlik uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘llangan yuridik shaxslarning xodimlariga ma‘muriy jazo chorasini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ekologiya qo‘mitasining Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolitsiya) tashkil etiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri prokuraturalariga ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat yo‘nalishida ajratilgan 40 ta shtat birligi Ekopolitsiyaga o‘tkaziladi.

Ekologiya qo‘mitasi raisi bir vaqtning o‘zida Ekopolitsiya boshlig‘i hisoblanadi. Ekopolitsiya boshlig‘ining o‘rinbosari bir vaqtning o‘zida qo‘mita raisi o‘rinbosari hisoblanadi va tezkor shtabga rahbarlik qiladi.

Qo‘mita prezidentga yirik korxona va tarmoqlar tomonidan ekologiya sohasida sodir etilgan huquqbuzarliklar, ular va ularning mansabdor shaxslariga nisbatan ko‘rilgan choralar bo‘yicha axborot kiritib boradi.


Avvalroq poytaxt hududida atmosferaga zarar yetkazgan 100 dan ortiq xo‘jalik faoliyati to‘xtatilgani haqida xabar berilgandi.

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida dudburondan foydalanish qoidalarini buzgan 58 ta issiqxonaga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llanildi.