O‘zbekiston 2030-yildan oldin “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan” mamlakatlar guruhiga kirishi mumkin. Bu haqda 18-noyabr kuni bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha III davra suhbatining ochilish marosimida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Spot muxbiri.
Iqtisodiyot va moliya vaziri global tahdidlar sharoitida O‘zbekiston Shavkat Mirziyoyev rahbarligida uzoq muddatli va barqaror iqtisodiy o‘sish va makroiqtisodiy barqarorlikka erishish uchun “qaytmas islohotlar"ni amalga oshirishga sodiqligini bildirdi.
2025-yil yakunlariga ko‘ra, iqtisodiy o‘sish 7% dan yuqori bo‘lishi, yalpi ichki mahsulot (YIM) hajmi esa $140 mlrddan oshishi prognoz qilinmoqda. Natijada aholi jon boshiga YIM hajmi $3700 ga yetadi. 2030-yilga borib hukumat yalpi ichki mahsulotni $200 mlrdga, aholi jon boshiga esa $5000 ga yetkazishni rejalashtirmoqda.
“Ushbu holatda O‘zbekiston avvalgi prognozlarga qaraganda, asosan, islohotlar va unumdorlikning o‘sishi hisobiga daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan mamlakat maqomiga erishish yo‘lidan bormoqda,” — dedi Qo‘chqorov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, inflyatsiya nazorat ostida bo‘lib, sentabr oyida 8% gacha sekinlashdi. Joriy yil yakuni bo‘yicha inflyatsiya 8% dan, 2026-yilda esa 7% dan past bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Bundan tashqari, bosh vazir o‘rinbosari O‘zbekistonning kredit reytingi yaxshilanganini eslatib o‘tdi. Fitch Ratings suveren reytingni “BB-” dan “BB” ga ko‘tardi, S&P va Moody’s esa prognozni “ijobiy"ga o‘zgartirdi. “Bu mamlakatning jahon moliya bozorlaridagi ishonchliligi ortib borayotganining tarixiy e’tirofidir”, — deya xulosa qildi u.
Sentabr oyida Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida 2030-yilga borib O‘zbekiston “daromadi o‘rtachadan yuqori” bo‘lgan davlatlar qatoriga kirish niyatida ekanini aytgan edi.
Oktabr oyida prezident boshchiligidagi yig‘ilishda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra $135 mlrddan oshishi ma’lum qilindi.
Markaziy bank so‘nggi yig‘ilishida 2025-yil uchun inflyatsiya prognozini 8% gacha pasaytirdi. O‘tgan oyda O‘zbekistonda yillik inflyatsiya 7,8% ga pasaydi — bu 2017-yildan buyon kuzatilgan eng past ko‘rsatkichdir.
Avvalroq Spot O‘zbekistonning 2024-yildagi yalpi ichki mahsuloti qayta hisoblangach, $121,4 mlrdga yetgani haqida yozgandi.
