O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Toshkent shahrida pulli avtomobil to‘xtash joylari uchun o‘rnatilgan narxlarni qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, pulli parkovka"lar uchun soatiga 12 ming so‘mdan boshlab haq belgilangani turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Shuningdek, tushayotgan mablag‘lar bo‘yicha ochiqlik va hisobdorlik yetishmayapti.

“Albatta, barchamiz zamonaviy, tartibli va qulay transport tizimi bo‘lishidan manfaatdormiz. Biroq, bunday tizim aholining daromadlari va imkoniyatlariga mos bo‘lishi, hayotiy zarur ehtiyojlari hisobga olinishi lozim”, — deyiladi XDP xabarida.

Poytaxt markazi va unga yaqin hududlarda ishlayotgan fuqarolar ish vaqtida avtomobillarini pulli to‘xtash joylarida 8 soat atrofida qoldiryapti. Kunlik to‘lov 100 ming so‘m atrofida bo‘lib, oylik to‘lov esa mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan (1,271 mln so‘m) ham ortib ketmoqda. Partiya bu fuqarolarning o‘rtacha daromadlariga qanchalik to‘g‘ri kelayotgani jiddiy masalaga aylanayotganini qayd etdi.

O‘z navbatida, partiya pulli “parkovka"larda avtomobil saqlash qo‘shni davlatlarda bir necha barobar arzonligini keltirib o‘tgan. O‘zbekistonda tarif miqdori “iqtisodiy mantiq va ijtimoiy adolat mezonlaridan ancha uzoqligi” aytib o‘tildi.

XDP pulli “parkovka"lar bo‘yicha jamoatchilik fikrini o‘rganish asosida bir qator takliflarni bildirdi. Bular:

  • ommaviy foydalanishdagi xizmat uchun har qanday tarif yoki yig‘im miqdorini belgilashda aholining real daromadlari, ijtimoiy himoya darajasi va hayotiy ehtiyojlari inobatga olinishi zarur;
  • tariflar iqtisodiy asoslanishi, qayta ko‘rib chiqilishi, qayerga tushayotgani, qanday sarflanishi haqidagi ma‘lumotlar keng jamoatchilikka ochiqlanishi kerak;
  • ijtimoiy obyektlar, xususan, davlat tibbiy muassasalari, davlat xizmatlari ko‘rsatiladigan markazlar va Inson markazlari hamda kutubxonalar oldidagi pulli to‘xtash joylaridan ma‘lum vaqt davomida bepul foydalanish imkoniyatini yaratish lozim;
  • savdo korxonalari, xizmat ko‘rsatish, tibbiyot, sport va madaniy-ko‘ngilochar muassasalar hududidagi to‘xtash joylarining kamida 5% i imtiyozga ega shaxslar uchun bepul ajratilishi qat‘iy ta‘minlanishi va bu me‘yorni oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqilishi kerak;
  • qator pulli to‘xtash joylari “qatnov qismida to‘xtash taqiqlanadi” belgisi o‘rnatilgan yo‘l qismlarida tashkil etilayotgani “pul to‘lansa — mumkin”, degan xulosani bermoqda. Yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra, to‘xtash taqiqlangan joyda to‘lovdan keyin to‘xtash mumkin bo‘layotgani tenglik tamoyillariga ziddir.

Sentabr oyida Toshkentdagi yo‘l bo‘yi pulli avtoturargohlar narxi haydovchilar orasida noroziliklarni keltirib chiqarayotgani ma’lum bo‘lgandi. Avtoturargohlar bo‘lishiga qaramay, avtomobil egalari mashinalarini belgilanmagan joylarga qo‘yishni afzal ko‘rmoqda. Ularning aksariyati narxlarni yuqori hisoblaydi.

Oktabr oyida poytaxt hokimligi pulli “parkovka"larda to‘lovsiz va tartibsiz joylashtirish uchun jarima belgilashni taklif qildi. Hokimlik jarima maydonlari yetishmaslini qayd etib, ma’muriy javobgarlikni joriy etish va jarima maydonlarini yaratishni taklif qildi.

Bundan tashqari, rezidentlik ruxsatnomalari joriy etilishi ma’lum qilindi. Ko‘p qavatli uylar aholisi pulli “parkovka"lardan haftaning dushanba-juma kunlari soat 20:00 dan ertalab soat 08:00 gacha hamda bayram kunlari bepul foydalanishlari mumkin. Ruxsatnoma qanday olinishi va boshqa talablar haqida noyabr oyida ma’lum qilinishi kerak edi.

Joriy yilning 8-may kuni Toshkentning Amir Temur xiyoboni, Mirobod, Shahrisabz, Istiqbol va Zarafshon kabi 6 ta sinov ko‘chasida yo‘l bo‘yi pulli avtoturargohlar loyihasi ishga tushirildi. Ikkinchi bosqichda, 30-iyungacha poytaxtning yana 30 ta ko‘chasida pulli avtoturargohlar joriy etilishi, iyul oyi oxirigacha esa 13 208 ta to‘xtash joyiga mo‘ljallangan nuqtalar 86 ta ko‘chada ishga tushishi belgilangandi.

Undan keyin to‘lovlar uchun Poytaxt Parking mobil ilovasi ishga tushirildi. O‘zbek, rus va ingliz tillari mavjud bo‘lgan ilovada to‘xtash sessiyasining davomiyligini tanlash mumkin, shundan kelib chiqib narx shakllanadi.

Spot, avvalroq, Toshkent bozorlarida dam olish kunlari 2 soatdan ortiq parkovka qilish narxi oshirilishi haqida yozgandi.