Prezident Turizm qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish va turizm sohasini jadal rivojlantirish bo‘yicha qarorni imzoladi.

Qaror bilan, 2030-yilgacha turizm sohasini rivojlantirishning asosiy maqsadlari belgilandi. Xususan, sohaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 3,5% dan 7% gacha oshiriladi.

Chet ellik turistlarning yillik soni amaldagi 10 mln nafardan 20 mln nafargacha yetkaziladi. Shu jumladan, to‘lov qobiliyati yuqori bo‘lgan turistlar oqimi ko‘paytiriladi. Turizm xizmatlari yillik eksporti hajmi $6 mlrddan oshiriladi.

O‘zbekistonning turistik shaharlari o‘rtasidagi transport bog‘lanishi yaxshilanadi, ichki aviaqatnovlar soni ko‘paytirilib, yo‘lga sarflanadigan vaqt kamida 3 baravarga qisqartiriladi.

4 va 5 yulduzli mehmonxonalar soni 2 baravarga oshiriladi. Turistik xizmatlar va mahsulotlarni diversifikatsiya qilish orqali respublikaning turistik salohiyati to‘liq ishga solinadi.

Jahonda keng taniladigan O‘zbekistonning turistik brendi yaratilib, milliy turistik mahsulotlarni ommalashtirish uchun yangi instrumentlar joriy etiladi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi sifatida qayta tashkil etilgandi.


Spot, avvalroq, hududlarda mehmon uylarini tashkil etishga 150 mln so‘mgacha imtiyozli kreditlar berilishi haqida yozgandi.