AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi maxsus toifadagi fuqarolar va bloklangan shaxslar ro‘yxatini yangiladi.
Boshqarma Rossiyaning IT-sektori bilan aloqadorlikda ayblab O‘zbekistondagi Datavice kompaniyasini “qora ro‘yxat"ga kiritdi.
Joriy yilning iyul oyida Toshkent shahrida tashkil etilgan Datavice kompaniyasi 31-iyuldan buyon IT Park rezidenti hisoblanadi.
Orginfo ma’lumotlariga ko‘ra, Maksim Makarov (u ham ro‘yxatga kiritilgan) kompaniya ta’sischisi, rahbari va bosh hisobchisi sifatida qayd etilgan. Korxonaning ustav fondi 24 mln so‘mni tashkil qiladi.
Ikkilamchi sanksiyalar asosida besh nafar yangi jismoniy shaxs va yetti nafar yuridik shaxsga cheklovlar joriy etildi.
SDN ro‘yxatiga Maksim Makarov, Yuliya Pankova, Aleksandr Volosovik, Ilya Zokirov va Kirill Zatoloki kiritildi.
Yangilangan ro‘yxatga o‘zbekistondagi Datavice bilan birga quyidagi kompaniyalar ham kiritilgan: Media Land (Rossiya), ML.Cloud (Rossiya), Kirishi (Rossiya), Media Land Technology (Rossiya), Hypercore (Buyuk Britaniya), Smart Digital Ideas Doo Cyber4 (Serbiya).
Shuningdek, ushbu tashkilotlar bilan bog‘liq besh nafar rossiyalik fuqaro ham cheklovlar ostiga olingan. Vashington texnologik sektor harbiy maqsadlar va xalqaro sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun foydalanilayotganini ta’kidlab, bosimni davom ettirishini bildirgan.
2023-yil noyabrida AQSh Savdo vazirligi O‘zbekistondagi Mvizion kompaniyasiga qarshi sanksiya kiritgandi.
Qayd etilishicha, sanksiyaga kiritilgan kompaniya elektron va telekommunikatsiya uskunalarini ulgurji yetkazib beradi.
2024-yil fevral oyida Mvizion kompaniyasi Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida qolgani haqida xabar berilgandi.
Bungacha kompaniya 2023-yilning noyabrida kompaniya AQSh sanksiyalariga duchor bo‘lgandi. Dekabrda Buyuk Britaniya ham unga nisbatan sanksiya kiritdi
