Buyuk Britaniya hukumati Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini e’lon qildi.

Ro‘yxatga harbiy texnika va ehtiyot qismlar yetkazib beruvchi jami 46ta jismoniy va yuridik shaxslar kiritilgan.

Xususan, Belarusning “JSC Display Design Bureau”, Serbiyaning “Avio Chem”, Turkiyaning “Smart Trading Limited”, shuningdek, Xitoyning uchta (“Asia Pacific Links Limited”, “Sinno Electronics Co., Limited” va “Xinghua Co., Limited”), BAAning esa to‘rtta kompaniyasi bor.

Bundan tashqari, ro‘yxatga O‘zbekistonning “Mvizion” kompaniyasi ham kiritilgan. Kompaniya Rossiyaga ehtiyot qismlarini yetkazib berishda vositachilik qilgani qayd etilgan.

Avvalroq AQSh Savdo vazirligi “Mvizion” kompaniyasiga qarshi sanksiya kiritgandi. Qayd etilishicha, kompaniya elektron va telekommunikatsiya uskunalarini ulgurji yetkazib beradi.

Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reestri ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya 2022-yil iyun oyida ro‘yxatga olingan. Ustav kapitali 1 mln so‘m bo‘lgan kompaniya rahbari Igor Ievlev hisoblanadi.

Noyabr oyi oxirida Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi O‘zbekistonning bir qancha fuqarolari va shirkatlariga qarshi sanksiyalar joriy qilgandi. Xususan, sanksiyalarga “Ohangaronsement” zavodi va uning egasi “Akkermann Cement CA”, Alisher Usmonovning jiyani Nasiba Narziyeva va uning turmush o‘rtog‘i Shohrux Nosirxo‘jaevlar kiritilgan.

YeIning sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devid O’Sallivan O‘zbekiston Yevropa Ittifoqiga sanksiyalarni chetlab o‘tish darajasini baholash uchun statistik ma’lumotlarni taqdim etishini ma’lum qilgandi.