Avvalroq 23-fevral kuni Yevropa Ittifoqi Ukrainadagi mojaro yuzasidan Rossiyaga qarshi 13-sanksiya paketini kiritgani haqida xabar berilgandi.

Topshiriq Rossiya harbiy-sanoat kompleksini qo‘llab-quvvatlashda gumon qilingan jismoniy va yuridik shaxslar ro‘yxatini to‘ldiradi. Ro‘yxatga Xitoy, Hindiston, Turkiya, Qozog‘iston va boshqa bir qator davlatlar kompaniyalari qo‘shildi.

Boshqalar qatorida O‘zbekistonning “Mvizion” kompaniyasi ham cheklovlarga uchragan. 2023-yilning noyabrida kompaniya AQSh sanksiyalariga duchor bo‘lgandi. Dekabrda Buyuk Britaniya ham unga nisbatan sanksiya kiritdi.

Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reestri ma’lumotlariga ko‘ra, “Mvizion” 2022-yil iyun oyida tashkil etilgan. Qayd etilishicha, kompaniya elektron va telekommunikatsiya uskunalarini ulgurji yetkazib beradi. Uning yagona asoschisi va rahbari Igor Ivlev hisoblanadi.

O‘tgan yozda Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonning “Alfa Beta Creative” va “GFK Logistic Asia” kompaniyalariga nisbatan sanksiyalar joriy qilgandi. Bundan ikki oy avval esa AQSh G‘aznachiligi sanksiyalarni chetlab o‘tib, Rossiya mudofaa sanoati uchun tovarlar sotib olishda ularga nisbatan cheklovlar qo‘ydi.

O‘tgan hafta AQSh moliya vazirligi sanksiyalar ro‘yxatiga yana bir qo‘shimcha kiritilganini e’lon qildi. Ular orasida vakolatxonasi Toshkentda joylashgan “Polar Star Logistics” transport kompaniyasi, shuningdek, asli o‘zbekistonlik, Rossiya kichik energetika assotsiatsiyasi prezidenti, BAAdagi “Business Russia” savdo uyi direktori Maksim Zagornov ham bor.