Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 13-sanksiya paketini kiritdi, unga 106 nafar jismoniy va 88 nafar yuridik shaxs kirdi, deb xabar beradi “RBK” nashri.

Rossiya harbiy-sanoat kompleksini qo‘llab-quvvatlaganlikda ayblanayotgan 27ta kompaniya eksport chekloviga uchradi. YeI press-relizida aytilishicha, ular ikki maqsadli tovarlar va texnologiyalarni yetkazib berishda yanada qattiqroq cheklovlarga duchor bo‘ladi.

Ikkilamchi sanksiyalar Xitoy, Gonkong, Hindiston, Turkiya, Serbiya, Qozog‘iston, Tailand va Shri-Lankaning 10ta kompaniyasiga ta’sir ko‘rsatdi.

Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi Rossiyaga eksport qilish taqiqlangan tovarlar ro‘yxatini kengaytirdi, jumladan uchuvchisiz uchish apparatlarini ishlab chiqish va yig‘ish uchun mumkin bo‘lgan komponentlar: elektr transformatorlar, statik konvertorlar va induktorlar.

Yangi cheklovlar qatorida Rossiya tomonidan harbiy maqsadlarda foydalanishi mumkin bo‘lgan alyuminiy qo‘zg‘almas kondensatlarni yetkazib berishni taqiqlash ham bor.

“Bugun biz Rossiya armiyasi va mudofaa sektoriga nisbatan cheklov choralarini yanada kuchaytirmoqdamiz, uchinchi mamlakatlardagi uskunalar yetkazib beruvchi boshqa tashkilotlarni nishonga olamiz”, — dedi Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Josep Borrel.

2023-yilning dekabrida Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 140 nafar jismoniy va yuridik shaxsni o‘z ichiga olgan 12-sanksiyalar paketini kelishib oldi. Shaxsiy cheklovlar o‘zbekistonlik, “Microtech” kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Andrey Xoxlunga taalluqli bo‘lib, u yarimo‘tkazgichlarni Yevropa davlatlaridan Rossiyaga reeksport qilganlikda ayblangan.

Yevropa Ittifoqining sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devid O‘Sallivan O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida mamlakat rasmiylari YeIga sanksiyalarni chetlab o‘tish bo‘yicha statistik ma’lumotlarni taqdim etishini ta’kidladi. Yevropa Ittifoqi 45ta harbiy tovarlarning Rossiyaga reeksport qilinishini oldini olishga harakat qilmoqda, deya qayd etdi u.

Yanvar oyida Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning yangi paketini joriy etishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘ldi. Yangi sanksiyalar paketi 24-fevralgacha tasdiqlanishi qayd etilgandi.