Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini ko‘rib chiqmoqda, deya xabar berdi “Bloomberg” nashri.

Qayd etilishicha, uni Ukrainada urush boshlanganining ikki yilligi, 24-fevralgacha tasdiqlashni rejalashtirmoqda.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, yangi sanksiyalar muhokamasi 17-yanvar kuni Yevropa davlatlari elchilarining uchrashuvida bo‘lib o‘tgan.

Manbalarga ko‘ra, Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar savdo cheklovlarini kuchaytirish, qora ro‘yxatlarni kengaytirish va Rossiyaning Yevropa Ittifoqidagi uchinchi davlatlar va kompaniyalar orqali sanksiyalarni chetlab o‘tishi ustidan nazoratni kuchaytirishdan iborat bo‘ladi.

Biroq, agentlik ta’kidlaganidek, yangi sanksiyalar 24-fevralgacha qabul qilinmasligi mumkin, chunki 12-paketni kelishish uchun YeIga bir necha haftalik muzokaralar kerak bo‘ldi.

2023-yilda Yevropa Ittifoqi davlatlari ham harbiy harakatlar boshlanganining bir yilligi munosabati bilan yangi sanksiyalar paketini qabul qilishni rejalashtirgan edi, biroq muhokamalar cho‘zilib ketdi. 25-fevralda esa cheklovlar joriy etildi.

Shuningdek, uchrashuv davomida davlat elchilari Ukrainaga yangi formatdagi yordamni muhokama qilishdi. Aniqlik kiritilishicha, agar YeIning 27 davlati o‘rtasida Ukrainaga mablag‘ ajratish bo‘yicha umumiy kelishuv bo‘lmasa, YeI Vengriyani chetlab o‘tib, Kiyevga yakka tartibda yordam berish bo‘yicha kelishuvlar tuzishni rejalashtirmoqda.

Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 12-paketi 2023-yil 18-dekabrda qabul qilingan. Hujjatda birinchi marta Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini musodara qilish imkoniyati qayd etilgan.

Xususan, ular, Yevropa Ittifoqiga ko‘ra, Rossiyadagi aktivlari ustidan nazoratdan “majburiy” mahrum qilingan xorijiy kompaniyalarga tovon to‘lash uchun ishlatilishi mumkin.