Toshkentda qurilish maydonchalarida chang hosil bo‘lishiga qarshi kuchaytirilgan nazorat qilish boshlandi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, Davlat arxitektura-qurilish nazorati inspeksiyasi barcha qurilish obyektlarini, jumladan hududlar va kirish yo‘llarini majburiy ravishda sug‘orishni o‘z ichiga olgan holda, kundalik kuzatuvni yo‘lga qo‘ydi. Bundan chang ko‘tarilishining oldini olish maqsad qilingan.

“Tuproqni muntazam ravishda namlab turish ilmiy jihatdan asoslangan choralardan biridir: nam yuzalar mayda zarrachalarni ushlab qoladi, ularning shamol va texnika vositasida havoga ko‘tarilishiga to‘sqinlik qiladi, shu bilan havodagi PM zarrachalarining miqdorini kamaytiradi hamda atrofdagi turar-joy massivlarini himoya qiladi”, deyiladi hokimlik xabarida.

Ekologiya qo‘mitasi esa Toshkent ko‘chalari va yashil hududlarda chang ifloslanishini kamaytirish maqsadida suv sepuvchi mashinalarni ishga tushirdi.

Qayd etilishicha, maxsus mashinalar yo‘l qoplamasini va daraxtlarni sug‘orib, tabiiy changni cho‘ktirishga yordam beradi va shahar havo sifatini yaxshilaydi.

Shuningdek, poytaxtdagi barcha favvoralar ham ishga tushirilgan bo‘lib, ular 24/7 rejimga o‘tkazildi. Ularning faoliyati mikroiqlimni saqlashga va jamoat joylaridagi chang yuklamasini kamaytirishga yordam beradi.

“Qo‘mita tomonidan havo ifloslanishini kamaytirish maqsadida tezkor shtab tuzilgan bo‘lib, poytaxtdagi ekologik vaziyatni barqarorlashtirish uchun barcha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda”, deya qo‘shimcha qilingan xabarda.


Avvalroq Spot endi keshbek pullarini daraxt ekishga ixtiyoriy yo‘naltirish mumkin bo‘lgani haqida yozgandi.