Ford yangi chaqirib olish kampaniyasini boshlaganini e’lon qildi. Bu safar faqat bitta model — Ford Bronco yo‘ltanlamas chaqirib olinadi.
Qayd etilishicha, ushbu avtomobilning asboblar panelidagi ayrim ko‘rsatkichlar noto‘g‘ri aks etishi mumkin.
AQSh Yo‘l harakati xavfsizligi milliy boshqarmasining (NHTSA) ma’lum qilishicha, Ford 229 609 ta Ford Bronco yo‘ltanlamasini asboblar panelidagi ehtimoliy nosozlik tufayli AQShga chaqirib oladi.
Xususan, gap burilish signallari va avtomobil tezligini ko‘rsatishdagi nosozlik haqida ketmoqda.
Ishlab chiqaruvchi dasturiy ta’minotni yangilash orqali muammoni hal qiladi. Buning uchun qaytarib olingan avtomobil egalari dilerlik markaziga tashrif buyurishlari yoki masofadan yangilanishni o‘rnatishlari kerak bo‘ladi.
Noyabr oyi boshida Ford 80 mingga yaqin avtomobilini qaytarib olishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.
Qayd etilishicha, qaytarib olishga avtomobillardagi eshik va yoritish panellaridagi nosozliklar sabab bo‘lgan.
Qaytarish kampaniyasi eshik panelidagi nosozlik tufayli 14 843 ta F-150 Lightning BEV pikaplari (yorug‘lik paneli bilan bog‘liq muammolar) va 64 938 ta Ford Flex avtomobillariga ta’sir qiladi.
Shuningdek, Ford va Lincoln avtomobillarini ta’mirlash uchun ishlatilgan 10R80 avtomatik uzatmalar qutisining 35 mingga yaqin qismi qaytarib olinadi.
