Toshkentning yangi xalqaro aeroportini 3−4 yil ichida qurish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Transport vazirligining 19-noyabr kuni davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha uchinchi davra suhbatida taqdim etilgan taqdimotida aytilgan (Spot ixtiyorida mavjud).
Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev o‘z nutqida yangi havo bandargohining qurilishi “juda yaqin orada” boshlanishini taʼkidladi. Hozirda Toshkent uchun yo‘lovchilar oqimini jalb qilish hududi (catchment area) 35 mln kishini tashkil etadi, biroq aholi soni juda tez o‘sib borayotgani qo‘shimcha qilindi.
“O‘zbekiston uchun, ikki marta dengizdan uzilgan davlat sifatida, aviatsiya hal qiluvchi ahamiyatga ega. Zarur yerusti infratuzilmasini yaratish, salohiyatni oshirish va aviatsiya uchun sharoitlarni ta’minlash — keyingi o‘sishning kalitidir. Biz talab oshishini kutib turishimiz shart emas. Menimcha, bizda talab taklifdan yuqori. Bu aniq loyiha kelajakdagi o‘sishni kuchaytirishga xizmat qiladi”, — dedi vazir o‘rinbosari.
Taqdimotga ko‘ra, Toshkentning yangi havo bandargohini qurish loyihasining birinchi bosqich qiymati $2,6 mlrdga baholanmoqda. Bosh reja allaqachon ishlab chiqilgan, loyiha-qidiruv ishlari yakunlangan va xususiy sherik aniqlangan. Loyiha bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim yuzasidan muhokamalar boshlangan. Qurilish uchun 3−4 yil kerak bo‘ladi.
Davlat sherigining aktivlariga uchish-qo‘nish yo‘laklari, yo‘nalish yo‘laklari, dispetcherlik minorasi, yong‘inga qarshi tayyorgarlik binosi, perron, yong‘in o‘chirish stansiyasi, muzlashga qarshi inshootlar, havo harakatini boshqarish uskunalari, MRO (texnik xizmat ko‘rsatish, taʼmirlash va foydalanish), keytering xizmatlari va meteorologik uskunalar kiradi.
Xususiy sherikning aktivlari orasida yo‘lovchi terminali binosi, yer usti va aerodrom infratuzilmasi, yer usti xizmati, aeroport mehmonxonalari, ishlab chiqarish va texnik inshootlar, avtoturargohlar, yuk terminali, Duty Free, kommunal obyektlar, chakana savdo va yoqilg‘i kompleksi mavjud.

DXSH bo‘yicha uchinchi davra suhbati doirasida Jasurbek Choriyev Spot‘ga bergan intervyusida 2030-yildan keyin Toshkentning yangi xalqaro aeroportiga ko‘chib o‘tish rejalashtirilganini aytdi. Amaldagi havo bandargohining yopilishi mumkinligi haqidagi savolga javob berar ekan, u “vaqti kelganda aniq bo‘lishini” taʼkidladi.
“Prinsipial qaror bor, shunday rejalar mavjud, aks holda xususiy sherik biz bilan shartnoma imzolamaydi. U to‘liq boshqaruvni xohlaydi va barcha aviakompaniyalar u mablag‘ sarflagan joyga uchib kelishini istaydi. Aks holda buning maʼnosi yo‘q”, — deya taʼkidladi amaldor.
Transport vazirligi rahbari o‘rinbosari Toshkentdagi yangi aeroportning imkoniyatlari amaldagisidan 10 barobar ko‘pligini qayd etdi.
Toshkentning yangi aeroporti
Shavkat Mirziyoyev 15-oktabr kuni Toshkent viloyatidagi yangi xalqaro aeroport loyihasining qurilishiga rasman start berdi va bo‘lajak havo bandargohiga tamal toshi qo‘ydi.
DXSh loyihasining xususiy hamkorlari sifatida Vision Invest (Saudiya Arabistoni), Sojitz (Yaponiya) va Incheon (Janubiy Koreya) tanlangan. Ularning xalqaro konsorsiumdagi ulushlar quyidagicha: Vision Invest — 45%, Sojitz Corporation — 30%, Incheon International Airport Corporation — 15% va Uzbekistan Airports — 10%.
Foydalanishga topshirilgandan so‘ng, aeroport yiliga 20 mln yo‘lovchi va 129 ming tonna yuk tashish, soatiga 30 tagacha uchish va qo‘nishni amalga oshirish va bir vaqtning o‘zida 62 ta samolyotni joylashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Yangi majmua Toshkent-Samarqand, Toshkent-Andijon va Toshkent-Bo‘stonliq pulli avtomobil yo‘llari bilan bog‘lanadi. Bu yerda tezyurar poyezdlar uchun temir yo‘l stansiyasi quriladi va Toshkent va Yangi Toshkent o‘rtasida shattllar ishga tushiriladi.
Prezident havo bandargohi poytaxt va Toshkent viloyati o‘rtasidagi chorraha vazifasini bajarishini qayd etdi. Aeroportga 25 daqiqada yetib borish mumkin bo‘ladi. Loyiha O‘zbekiston iqtisodiyotiga yiliga $770 mln daromad keltiradi.
Yangi aeroport uchun ajratilgan hudud xatlovdan o‘tkazilib, aholi ko‘chiriladi. Kadastr agentligi hududdagi mulk qiymati asossiz oshib ketmasligi uchun yangi loyihalar va qurilish ishlari cheklanishini ma’lum qildi.
Avvalroq Spot Toshkent-Sharqiy xalqaro aeroporti Toshkent-Humo deb o‘zgartirilgani haqida yozgandi.
