Avvalroq Spot Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi sanoat korxonalariga 1-dekabrga qadar atmosferaga zararli chiqindilarni ikki baravar kamaytirishni buyurgani haqida yozgandi.

Shuningdek, qo‘mita barcha qurilish tashkilotlarini atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya qilishlari zarurligi haqida ogohlantirdi. Quruvchilar ish jarayonida chang, qum zarralari va boshqa ifloslantiruvchi moddalar chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rishlari shart.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, barcha qurilish tashkilotlari quyidagi talablarni bajarishga majbur:

  • qurilish jarayonida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
  • qurilish maydoniga kirib-chiqish yo‘laklarida osma yomg‘irlatgich va suv purkagichlar o‘rnatish;
  • avtotransport vositalari g‘ildiraklarini majburiy tarzda yuvish uchun yuvish shoxobchasini tashkil etish;
  • chang tarqalishining oldini olish maqsadida qurilish maydonini to‘siqlar, himoya qoplamalari va maxsus materiallar bilan jihozlash.

Quruvchilarga qo‘yilgan talablarni bajarmaganlik uchun jarima va boshqa ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llaniladi. Qo‘mitaning ogohlantirishicha, qurilish ishlari 10 ish kunigacha to‘xtatilishi yoki butunlay tugatilishi mumkin.

Avvalroq Toshkentda qurilish maydonchalarida chang hosil bo‘lishiga qarshi kuchaytirilgan nazorat qilish boshlangani haqida xabar berilgandi.

Taʼkidlanishicha, Davlat arxitektura-qurilish nazorati inspeksiyasi barcha qurilish obyektlarini, jumladan hududlar va kirish yo‘llarini majburiy ravishda sug‘orishni o‘z ichiga olgan holda, kundalik kuzatuvni yo‘lga qo‘ydi. Bundan chang ko‘tarilishining oldini olish maqsad qilingan.

“Tuproqni muntazam ravishda namlab turish ilmiy jihatdan asoslangan choralardan biridir: nam yuzalar mayda zarrachalarni ushlab qoladi, ularning shamol va texnika vositasida havoga ko‘tarilishiga to‘sqinlik qiladi, shu bilan havodagi PM zarrachalarining miqdorini kamaytiradi hamda atrofdagi turar-joy massivlarini himoya qiladi”, deyiladi hokimlik xabarida.

Ekologiya qo‘mitasi esa Toshkent ko‘chalari va yashil hududlarda chang ifloslanishini kamaytirish maqsadida suv sepuvchi mashinalarni ishga tushirdi.

Qayd etilishicha, maxsus mashinalar yo‘l qoplamasini va daraxtlarni sug‘orib, tabiiy changni cho‘ktirishga yordam beradi va shahar havo sifatini yaxshilaydi.

Shuningdek, poytaxtdagi barcha favvoralar ham ishga tushirilgan bo‘lib, ular 24/7 rejimga o‘tkazildi. Ularning faoliyati mikroiqlimni saqlashga va jamoat joylaridagi chang yuklamasini kamaytirishga yordam beradi.

“Qo‘mita tomonidan havo ifloslanishini kamaytirish maqsadida tezkor shtab tuzilgan bo‘lib, poytaxtdagi ekologik vaziyatni barqarorlashtirish uchun barcha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda”, deya qo‘shimcha qilingan xabarda.