Xorazm viloyatiga 10 ta elektrobus, Guliston shahriga esa 52 ta avtobus olib kelindi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
Xorazmda yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxona Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan Falcon Murat Adilkhan rusumli 10 dona elektrobus olib keldi.
“Elektrobuslar hujjatlarini rasmiylashtirish va yo‘nalishga joylashtirish ishlari yakunlangandan so‘ng yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni boshlaydi”, deyiladi xabarda.
Hozirgi vaqtda Urganchda brutto shartnomasi asosida jami 6 ta yo‘nalishda 80 dona avtobus faoliyat yuritmoqda.
Transport vazirligi xabariga ko‘ra, Guliston shahri jamoat transporti to‘liq ekologik toza avtobuslar bilan yangilandi.
Yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxona tomonidan 52 dona Yutong rusumli avtobus olib kelindi.



Joriy yil boshidan shaharga jami 72 ta avtobus olib kelingan. Ular shahar ichidagi 7 ta yo‘nalishda brutto-shartnomasi asosida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi.
Avvalroq Spot 2027-yilgacha turizm uchun olib kiriladigan avtobus va mikroavtobuslar bojdan ozod etilishi haqida yozgandi.



