O‘zbekistonda sanoat korxonalariga atmosferaga zararli moddalar chiqarishni ikki barobarga qisqartirish vazifasi qo‘yildi, deya xabar berdi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi matbuot xizmati.

Atmosfera havosining ifloslanishini bartaraf etish uchun sanoat korxonalari quyidagi talablarni bajarishi shart:

  • atmosferaga chiqariladigan zararli tashlamalarni tahlil qiluvchi avtomatik monitoring stansiyalarini o‘rnatish va ekologiya organlariga integratsiya qilish;
  • yuqori samaradorlikka ega chang-gaz tozalash uskunalari va lokal suv tozalash inshootlarini o‘rnatish hamda mavjudlarini modernizatsiya qilish;
  • sanitar himoya zonalarini avtomatik statsionar kuzatuv postlari bilan jihozlash.

Birinchi toifaga kiruvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlar buni 2026-yil 1-yanvarga qadar, ikkinchi toifaga kiruvchilar esa 2026-yil 1-iyulga qadar amalga oshirishi kerak. Agar ular bajarilmasa, atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun kompensatsiya to‘lovlari 5 baravarga oshiriladi.

“Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida"gi Qonunining 24-moddasiga ko‘ra, meteorologik sharoitlar noqulay kelishi kutilayotganligi munosabati bilan korxonalar atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalarni kamaytirish va (yoki) bartaraf etish chora-tadbirlarini ko‘rishi shart.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi barcha korxonalardan joriy yil 1-dekabrga qadar atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar tashlamalarini 2 barobar kamaytirishni so‘raydi.

Ushbu majburiyatni bajarmagan korxonalar faoliyati, “Ekologik nazorat to‘g‘risida"gi Qonunning 22-moddasiga asosan, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi qarori bilan 10 ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatga to‘xtatiladi yoki belgilangan tartibda tugatiladi.

Shuningdek, ekologik majburiyatini bajarmagan korxonalarga O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 85¹-moddasi, 95-moddasi hamda 197⁶-moddalari bo‘yicha ma’muriy choralar qo‘llaniladi.

Atmosfera havosi ifloslanishiga sabab bo‘lgan korxonalar O‘zbekiston Jinoyat kodeksi asosida jinoiy javobgarlikka tortilishi ham mumkin.


Avvalroq Spot Toshkent havosini yaxshilash choralari tasdiqlangani haqida yozgandi.