Saudiya Arabistoni hukumati chet el fuqarolariga qirollik hududida ko‘chmas mulk sotib olishga ruxsat berishni rejalashtirmoqda, deb yozadi Bloomberg.
Hukumat “Vision 2030” investitsiyalarni jalb qilish va iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish strategiyasi doirasida ko‘chmas mulk to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlar ishlab chiqmoqda. Tegishli farmon iyul oyida imzolangan bo‘lib, o‘zgartirishlarning 2026-yil yanvar oyida qabul qilinishi kutilmoqda.
Qonunning yangi tahriri chet elliklar uchun alohida hududlarda uy-joy, tijorat, sanoat va qishloq xo‘jaligi obyektlarini, shuningdek qurilish uchun yer uchastkalarini sotib olish imkoniyatini yaratadi. Bu hududlar mamlakatning to‘rtta yirik shahri — Ar-Riyod, Makka, Madina va Jiddada joylashgan bo‘ladi.
Makka va Madinada ko‘chmas mulkni faqat chet ellik musulmonlar sotib olish huquqiga ega bo‘ladi. Belgilangan hududlarda chet elliklar mulkining eng yuqori ulushi 70% dan 90% gacha bo‘lishi mumkin.
Hududlarning aniq ro‘yxati o‘zgartirishlar tasdiqlangandan so‘ng belgilanadi. Bundan tashqari, Saudiya Arabistoni ko‘chmas mulkka ulushli egalik tizimini joriy etadi va chet ellik investorlarga mahalliy kompaniyalarning nazorat paketlarini sotib olishga imkon yaratadi.
Cityscape Global forumida Ko‘chmas mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish boshqarmasi boshlig‘i Muhammad al-Sulaymon chet elliklar ko‘chmas mulk loyihalari ulushlarini masofadan turib sotib olishlari mumkinligini aytdi. Bu ularga mamlakatning iqtisodiy o‘sishidan foydalanish imkonini beradi, deya qo‘shimcha qildi u.
Avvalroq Spot O‘zbekistonliklar Saudiya Arabistonidagi mavsumiy ishlarga jalb etilishi mumkinligi haqida yozgandi.
Tomonlar fuqarolarni Jidda va Makkada qurilish-muhandislik hamda Haj mavsumida qassoblik ishlariga jalb qilish imkoniyatlarini o‘rganishga kelishishdi.
