Tezkor guruhlar 24−25 noyabr kunlari Toshkent shahri, Qibray, Zangiota va Toshkent tumanlaridagi issiqxonalarda ekologik reyd o‘tkazdilar. Bu haqda Milliy ekologiya qo‘mitasi (sobiq Ekologiya vazirligi) ma’lum qildi.
Tadbirlar Davlat ekologiya nazorati inspeksiyasi (Ekopolitsiya) tomonidan “atrof-muhit xavfsizligini ta’minlash va aholi salomatligini muhofaza qilish” maqsadida uyushtirildi. Unda Ichki ishlar boshqarmasi, Milliy gvardiya va Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari ishtirok etishdi.
Reyd davomida huquq-tartibot idoralari xodimlari va Ekopolitsiya 103 ta korxona va xo‘jalik yurituvchi subyektlarni tekshirdi. Tekshiruvchilar atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etilishini o‘rganishdi.
Tekshiruvlar natijasida 38 ta qonunbuzarlik aniqlandi va qonunbuzarlarga 34,8 mln so‘m miqdorida jarima solindi. Atrof-muhitga salbiy ta’siri tufayli 18 ta obyektning faoliyati 10 kunga to‘xtatib qo‘yildi.




Foto: Eco Info / Telegram, Effekt Makarenko / Telegram
Tekshiruvlar natijasida e’lon qilingan foto va videolarda issiqxona egalari ifloslantiruvchi yoqilg‘i turlari — avtomobil shinalari, ko‘mir, mazut va polimer materiallardan foydalanayotgani ko‘rinadi. Ko‘plab issiqxonalarda tutun filtrlari ham mavjud emas.
Issiqxona xo‘jaliklaridan tashqari, Ekologiya qo‘mitasi umumiy ovqatlanish muassasalari faoliyatini ham tekshirgan. Hozirda reydlar davom etmoqda, deb ta’kidlandi idorada.
Shavkat Mirziyoyev 25-noyabrdagi farmonida Toshkent shahri va Toshkent viloyatining unga yaqin tumanlaridagi issiqxonalarni uzluksiz gaz bilan ta’minlashni topshirgan edi.
Shu bilan birga, 200 kvadrat metrdan katta issiqxonalar tomonidan shina, bitum yoki mazutdan yoqilg‘i sifatida foydalanganlik uchun qozonlarni musodara qilish bilan jinoiy javobgarlik joriy etish rejalashtirilmoqda.
Avvalroq Toshkentda uch oyda 12 ta sun’iy ko‘l va suv havzasi barpo etilishi haqida xabar berilgandi.
Ikki hafta ichida Toshkentdagi favvoralar sonini kamida ikki baravar ko‘paytirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqiladi va taqdim etiladi.




