Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev 25-noyabr kuni “Toshkent shahridagi ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonni imzolagani haqida yozgandi.

Hujjatga ko‘ra, Energetika vazirligiga bir hafta muddatda Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi har bir issiqxona xo‘jaligi bilan tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar imzolash hamda uzluksiz gaz ta’minotini yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Shu bilan birga, gaz bilan ta’minlangandan keyin ham belgilangan qoidalarni buzgan issiqxonalar qat’iy jazolanadi.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi bir hafta muddatda maydoni 200 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan issiqxonalarda chang-gaz tozalash qurilmalarining nosozligi yoki mavjud emasligi uchun jarima miqdorini oshirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini kiritadi.

Qoidabuzarlik sodir qilgan yuridik shaxslar mansabdor xodimlari uchun jarimalar 5 baravarga, jismoniy shaxslar uchun esa 3 baravarga oshiriladi.

Shuningdek, maydoni 200 metr kvadrat va undan yuqori issiqxonalarda shina, mazut, bitum, ishlatilgan moy, rezina kabi materiallar yoqilgani aniqlansa, isitish qozonxonasini davlat foydasiga musodara qilishni nazarda tutuvchi jinoiy javobgarlik joriy etiladi.

Bundan tashqari, prezident farmoni bilan Ekologiya qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov boshchiligida maxsus komissiya tuzildi. U havo sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan issiqxonalar va boshqa korxonalar ishini vaqtincha yoki butunlay to‘xtatishi mumkin.


Avvalroq sanoat korxonalariga 1-dekabrgacha zararli tashlamalarni 2 baravar kamaytirish topshirilgani haqida xabar berilgandi.