Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev 25-noyabr kuni “Toshkent shahridagi ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonni imzolagani haqida yozgandi.

Farmonga ko‘ra, uch oy muddatda shaharning to‘rt yo‘nalishi bo‘yicha kamida uchta sun’iy ko‘l va suv havzasi barpo etiladi.

Mazkur chora-tadbirlar Suv xo‘jaligi vazirligi va O‘zsuvtaminot bilan birgalikda amalga oshirilishi belgilab berildi

Shuningdek, ikki hafta ichida Toshkentdagi favvoralar sonini kamida ikki baravar ko‘paytirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqiladi va taqdim etiladi.

2025-yil oxirigacha atmosfera nazorati tizimi to‘liq modernizatsiya qilinadi. 347 ta avtomatlashtirilgan stansiya xarid qilinib, “Air Monitoring Tashkent” tizimi Ekologiya qo‘mitasi boshqaruviga o‘tkaziladi.

Tizim Air Monitoring Uzbekistan platformasiga integratsiya qilinadi. Shu bilan birga, Gidrometeorologiya xizmati stansiyalari va Zamin fondi o‘rnatgan postlar yagona monitoring tizimiga ulanadi.

Toshkent shahar hokimligi tomonidan yoz-kuz mavsumida asosiy yo‘l yoqalarida mavjud bo‘lgan daraxt va butalarni kunning birinchi yarmida hamda haftada kamida 3 marta yuvish ishlari va tegishli xulosaga asosan biotexnik tadbirlar amalga oshiriladi.

Jismoniy va yuridik shaxslar o‘zlari egalik qilib turgan yer maydoni hududidagi dov-daraxtlarni sug‘orish maqsadida ichimlik suvidan foydalanish vaqtiga qo‘yilgan cheklov (soat 00:00 dan boshlab, 05:00 gacha) bahor va yoz fasllarida bekor qilinadi.

Bunda, ichimlik suvidan boshqa maqsadlarda foydalanish bo‘yicha cheklov o‘z kuchida qoladi. Shu bilan birga, ko‘p kvartirali uylarga sug‘orish uchun suv rezervuarlarini o‘rnatish choralari ko‘riladi.


Avvalroq Toshkent shahri va uning atrofidagi issiqxonalar gaz bilan ta’minlanishi haqida xabar berilgandi.

Shundan keyin ham shina, bitum, mazut va rezinadan foydalanganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etilib, isitish qozoni musodara qilinadi.