O‘zbekistonda kartoshka chipslariga aksiz solig‘i joriy etilishi kutilmoqda. Bu taklifni Iqtisodiyot va moliya vazirligi ilgari surdi.
2026-yilgi byudjet murojaatnomasiga ko‘ra, kelasi yilning 1-aprelidan boshlab isteʼmolga tayyor kartoshka chipslarining har bir kilogrammiga 15 ming so‘mlik aksiz solig‘i joriy etish taklif etilmoqda.
Aksizni kartoshka chipsi ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslar va mahsulotni O‘zbekiston hududiga olib kiruvchi importyorlar to‘lashi ko‘zda tutilgan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi kartoshka chipslariga aksiz solig‘ini joriy etish bo‘yicha taklif Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning ortiqcha vaznga qarshi kurashish choralarini kuchaytirish va Sog‘liqni saqlash vazirligining sog‘lom ovqatlanishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tavsiyalari asosida ishlab chiqilganini maʼlum qildi. Shu bilan birga, bu borada boshqa mamlakatlar tajribasi ham o‘rganib chiqilgan.
2024-yil aprelidan boshlab shakar saqlovchi gazlangan ichimliklar uchun litr boshiga 500 so‘m, energetik ichimliklar uchun esa litr boshiga 2000 so‘m miqdorida aksiz solig‘i undirilmoqda. Bu yildan boshlab aksiz barcha shakar saqlovchi alkogolsiz ichimliklarga, jumladan, sharbatlar, morslar, limonadlar va kvasga ham tatbiq etildi. O‘shanda Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi ham JSST tavsiyasiga asoslangan edi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda havo tozalagichlar uchun bojxona to‘lovlari bekor qilinishi haqida yozgandi.
